Samarqandda eng sovuq yanvar oyi qachon bo‘lgan?
O‘tayotgan haftada mamlakatimizda havo haroratini Sibir hududlari ustida joylashgan sovuq antitsiklon periferiyasi belgiladi. Hafta davomida havo harorati o‘rtacha yillik qiymatlardan 8-10 darajaga past bo‘ldi.
Samarqand shahrida -6-7 darajagacha, Qo‘shrabot tumanida -10 darajagacha sovuq kuzatilmoqda. Kechasi sovuq 7-10 darajagacha, shimolda va cho‘l hududlarida 12-17 darajagacha me’yordan pasaydi.
Viloyatimizda yanvar oyida bunday sovuq harorat 1927 yilda -17 daraja, 1949 yilda – 21 daraja va 1988 yilda – 20 darajagacha yetgan.
9-10 yanvardan boshlab harorat kechasi +1. +2 daraja, kunduzi +10... +12 darajaga ko‘tariladi. Bu ham yanvar oyi uchun belgilangan me’yordan yuqori harorat hisoblanadi.
Prezidentimiz raisligida 2020 yil 3 noyabr kuni mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. 2020 yil 17 noyabrda esa davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, sohani yetuk kadrlar va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash dolzarb masalalardan ekanligi bildirildi.
Sohani rivojlantirish rejasiga asosan viloyatimizdagi meteorologik kuzatuv stansiyalarini avtomatik boshqaruv tizimiga o‘tkazish belgilandi. Hozirgacha Samarqand va Nurobod tumanlaridagi avtomatik meteorologik stansiyalardan har 3 soatda kuniga sakkiz marotaba ma’lumot olinmoqda. Qaror talabidan kelib chiqib, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlarida 2 ta avtomatik meteorologik stansiyasi o‘rnatildi. Bu stansiyalar inson omilisiz har daqiqada onlayn rejimda ma’lumot uzatadi.
Vagif MIRZAYeV,
Samarqand viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi boshlig‘i.