Samarqandda "Fermerlar maktabi" ochildi

Kecha, 31 may kuni respublikamizning beshta hududida bir vaqtda onlayn tarzda "Fermerlar maktabi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shulardan biri Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida ochildi.

- "Fermerlar maktabi" ikki oylik o‘quv kursi bo‘lib, unga qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqqan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar suhbat asosida o‘qishga qabul qilindi, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. - O‘quv kursi yoshlari bir oy mobaynida chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xo‘jaligi, biznes, moliya va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilim oladi. So‘ngra bir oy yirik korxona va tashkilotlarda amaliyot o‘taydi.

"Fermerlar maktabi"ga Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridan 30 nafar talabgor qabul qilindi. Ikki oy mobaynida ularning turar joyi, oziq-ovqati "Agrobank" ATB tomonidan moliyalashtiriladi.

- Men Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan keldim, - dedi Sheyxruz Burxonov. - 100 gektar yerim bor, paxta va g‘alla yetishtiraman. Avval xo‘jalikni otam boshqarardi, ikki yildan beri men fermerlik qilyapman. "Fermerlar maktabi"ni bir do‘stimdan eshitib qoldim. Dastlab onlayn hujjat topshirdim. Keyin suhbatga chaqirtirildim. Talabgorlar juda ko‘p edi. Mana, bugun o‘qishga chaqirtirildim, o‘quv kursiga qabul qilinganimdan juda xursandman.

"Fermerlar maktabi"ni tugatganlarga sertifikat beriladi va yangi o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadi.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.