Samarqandda “Gentra” avtomashinasini olib qochgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 30 oktyabr kuni soat 17:30 da 21 yoshli D.E. Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Sayqal ko‘chasida joylashgan avtomashinalarni yuvish shoxobchasiga kelib, o‘zining “Gentra” rusumli avtomashinasini yuvdirish uchun avtomashina yuvuvchi bo‘lib ishlovchi 25 yoshli Sh.A.ga qoldirgan.

Bundan foydalangan Sh.A. o‘t oldirish joyida turgan kalit yordamida avtomashinani o‘t oldirib, uni noma’lum tomonga olib qochgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Samarqand shahar IIO FMB xodimlari tomonidan Sh.A. mazkur transport vositasini boshqarib ketayotgan vaqtida aniqlanib, majburiy tartibda to‘xtatilgan. Shunga qaramasdan, Sh.A. IIO FMB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘zi olib qochgan avtomashina eshiklarini ochmasdan, undan tushishdan bosh tortganligi sababli xodimlar tomonidan eshikni ochish va Sh.A.ni ushlash maqsadida oxirgi zaruriyat sifatida avtomashina eshigi oynasi sindirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Sh.A. ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatma, transport vositasini olib qochish qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu turdagi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan 10 yilgacha muddatda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.