Olib qochilgan avtomashinada sayr qilmoqchi bo‘lgan 21 yoshli yigit YTHga uchradi

Noma’lum shaxs transport vositasini olib qochish maqsadida, Toshkent shahar Olmazor tumani Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i yonida qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, 27 yoshli B.M. boshqarib kelayotgan va 34 yoshli turmush o‘rtog‘i D.M.ga tegishli bo‘lgan qora rangli “SPARK” rusumli avtoulovning saloniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘t oldirish tizimida turgan kalit bilan avtoulovni olib qochgan va hodisa joyidan yashiringan.

Shundan so‘ng noma’lum shaxs avtomashinani boshqarib borayotib, Yunusobod tumanida «NEXIA» rusumli avtomashina bilan to‘qnashib YTH sodir qilgan. «NEXIA» avtomashinasi haydovchisi bilan “kelishib olish” maqsadida uni keyinroq uchrashib zararni qoplab berishga ishontirib, avtomashina “bardachogida” bo‘lgan hamda transport vositasining egasiga tegishli avtoulovning texnik pasportini berib yuborgan. IIO xodimlaridan yashirinish niyatida avtomashinaning davlat raqamlarini yechib olib, hodisa joyidan yashiringan.

Biroq ichki ishlar organlari xodimlarining tezkor harakatlari va YTH sodir bo‘lgan kameralarda qayd qilingan videoyozuvlar yordamida ushbu fuqaro 21 yoshli, muqaddam sudlangan M.A.ligi aniqlangan.

Qoidabuzar fuqaroni ushlash choralari ko‘rilganda  M.A. olib qochilgan avtomashinani o‘zi istiqomat qiladigan ko‘p qavatli uylarning oldida tashlab, uy yumushlari bilan shug‘ullanib yurganligi aniqlangan hamda u protsessual tarzda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Olmazor tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.A. ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.