Samarqand shahrida mashina g‘ildiraklarini o‘g‘irlab ketganlar qo‘lga olindi
O‘tgan oy Samarqandda mashina ballonlari o‘g‘irlab ketilgani xabar tarqalgandi. Viloyat IIB tomonidan bugun berilgan ma’lumotga ko‘ra, g‘ildirak o‘g‘rilari topilgan va qo‘lga olingan.
Sattepo maskanida yashovchi fuqaro Samarqand viloyat IIBga murojaat qilib, 2023 yil 15 yanvar kunidan 16 yanvar kuniga o‘tar kechasi o‘ziga tegishli bo‘lgan «SOBALT» rusumli avtomashinasini 4 dona g‘ildiraklarini noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketganligini ma’lum kilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilayotgan edi.
Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 2-son IIB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, mazkur o‘g‘rilik jinoyatini Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 3 nafar shaxslar sodir etgani aniqlangan.
Ushbu shaxslar, joriy yil 1 fevral kuni o‘g‘irlangan shinalarni Qarshi shahridagi bozorga olib borib, 300 AQSh dollari evaziga sotib, pullarni o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatib yuborishgan.
Gumon qilinuvchilar bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ular joriy yil 17 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 02:00larda Yakkabog‘ tumani G‘ozliq MFY G‘ozliq qishlog‘ida yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan Lasetti-Jentra rusumli avtomashinaning ham bir dona shinasini o‘g‘irlaganligi aniqlanib, ulardan bir dona shina hujjatlashtirib olindi.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.