Voyaga yetmagan qizni olib qochgan shaxs ushlanib, qamoqqa olingan: — IIB
Bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketishga harakat qilgan shaxs jamoatchilik muhokamasida bo‘lib kelmoqda. Viloyat IIB xabariga ko‘ra, mazkur shaxs ushlanib, qamoqqa olingan.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, 8 mart kuni soat taxminan 8:00 larda, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro S.U. mast holda oq rangli “Neksiya-3” rusumli avtomashina bilan Samarqand shahar Dahbed ko‘chasidagi o‘quv markazi oldida turgan 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga o‘zini kirakash deb tanishtirib, uni uyiga olib borishini aytib, aldab o‘tirg‘izib, uyiga olib bormasdan, boshqa tomonga boshqarib ketgan.
Voyaga yetmagan qiz mashinadan tushib qolmoqchi bo‘lganda u mashina eshiklarini qulflab qo‘ygan va mashinani Oqdaryo tumani Boshdarxon MFY, Yangi obod qishlog‘igacha boshqarib borib, avtomashinasini shinasi bosimi chiqib ketganligi sababli avtomashinadan tushib, g‘ildiraklariga qarayotgan vaqtida qiz mashinadan tushib, qochib ketib, shu yerda bo‘lgan fuqarolardan yordam so‘ragan.
Holat yuzasidan qizning yaqinlari huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida S.U. qo‘lga olinib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Xabarlarga ko‘ra, voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlashga uringan mazkur shaxs muqaddam ichki ishlar idoralarida ishlagan.