O‘zini «IIB xodimiman» deb, fuqarodan 5000 AQSh dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

Ichki ishlar vazirligi ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bir fuqaro o‘zini O‘zbekiston Respublikasi IIVda ishlashini aytib ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal qilib berishini aytayotgani va uning evaziga fuqarolardan pul olayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olingan.

Olingan ma’lumotni tekshirish maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.

Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992 yil Past Darg‘om tumanida tug‘ilganligi, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin bo‘shaganligi va bugun vaqtincha ishsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, o‘zini O‘zbekiston Respublikasi IIVda ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini so‘rab bilgan. Uni qo‘rqitib ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5000 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaro ham uddaburonlik qilib o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.

Shunga asosan joriy yilning 2 mart kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.