Bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi
Talonchilar Samarqand shahar Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida o‘rnatilgan AT “Turonbank” viloyat filialiga tegishli bo‘lgan bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan.
Voqea shu yilning 31 mart kuni tungi soat 03:00 lar atrofida qayd etilgan.
3 nafar noma’lum shaxs yuzlarini tibbiy niqob bilan berkitgan holda davlat raqam belgisi bo‘lmagan qora rangli “Chevrolet Tracker" rusumli avtomashinada bankomat shoxobchasiga kelib, bankomatni elektrdandan uzgan va uni buzib bankomat ichida bo‘lgan 323 million so‘m pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilmoqchi bo‘lgan.
Ularning "baxtiga" qarshi shu vaqtda bankomatning tarmoqdan uzilganligi haqidagi signal ishga tushib ketgan. Natijada Samarqand shahar Qo‘riqlash bo‘limiga berilgan ogohlantiruvchi chaqiruv asosida xodimlar voqea joyiga yetib kelgan. Xizmat avtomashinasining ogohlantiruvchi tovushlarini eshitgan bu kimsalar o‘g‘irlik jinoyatini ohiriga yetkaza olmasdan, hodisa joyidan yashiringan.
Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlarining tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida ularning uchchovi ham qo‘lga olingan.
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.