Qaysi holatlarda bankomat xizmat ko‘rsatishdan to‘xtab qoladi? Anomal sovuqning bankomatlarga ta’siri bormi? Markaziy bank viloyat boshqarmasi izoh berdi
Boshqarma axborot xizmatiga ko‘ra, buning bir nechta sabablari bor. Jumladan:
- Elektr ta’minotidagi uzilish;
- Internet aloqasidagi uzilish;
- «Slip» (bank operatsiyasi haqidagi axborot)ni chiqaruvchi qog‘oz o‘ramining tugab qolishi hamda ushbu qog‘ozlarning bankomat ichida to‘planib tiqilib qolishi;
- Naqd pul zaxirasining tugab qolishi;
- Havo haroratining keskin pasayishi (ishchi rejimi harorati +5 dan +40 gradusgacha) oqibatida bankomatning ehtiyot qismlari (rezina, rement va b.)ning qotib qolishi natijasida ishlamasligiga olib keladi.
Xususan, MB viloyat boshqarmasiga ko‘ra, bugungi kunda Samarqanddagi barcha shahar-tuman tijorat bank filialari bank kassalarida hamda bank xizmatlar markazlarida (BXM) ham plastik kartadagi mablag‘larini naqdlashtirish mumkin.
“Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli bankomatlar ishlamayotganligiga duch kelsangiz, bank ish kuni davomida bank kassasida joylashgan terminallar orqali shaxsiy plastik kartangizdagi mablag‘larni naqdlashtirish uchun bank filialiga murojaat qilishingizni bildiramiz. Bank kassasidan plastik kartadagi mablag‘ni naqdlashtirishda muammolarga duch kelsangiz Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasining 66 231-03-10 ishonch telefon raqami hamda tunu- kun rejimida ishlovchi +998 97 919-37-02 telegram messenjeriga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.