Oqdaryoda Xalq bankidan pulini naqdlashtirgan pensionerdan 1 foiz mablag‘ ushlab qolingani va bankomatdagi tartibsizlik bo‘yicha munosabat bildirildi

Illyustartiv foto

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Oqdaryo tuman Xalq bankining egasi bormi?” sarlavhasi ostida e’tirozli post e’lon qilindi.

Unda Xalq bankining Oqdaryo filialidagi bankomatda 70 yoshli pensionerning pensiya kartasidagi pul naqdlashtirilganda 1 foiz mablag‘ ushlab qolingani, ayniqsa, bank xodimlarining mijozlarga ko‘rsatayotgan munosabati va ular o‘rtasida yuzaga kelgan tartibsizliklar xususida so‘z yuritilgan”, deyiladi Xalq banki axborot xizmati xabarida.

Xabarga ko‘ra, holat bo‘yicha o‘rganish olib borilganda quyidagilar aniqlangan:

“Xalq bankining Oqdaryo filiali tomonidan 5 yanvar kunida 5 667 ta fuqaroga 5,2 mlrd. so‘m mablag‘ bank kartasiga o‘z vaqtida kirim qilib berilgan. Shunga ko‘ra, Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaro Sunnat Mustafoyevga tegishli pensiya kartasidagi pul bankomat orqali naqdlashtirilayotganda texnik nosozlik tufayli 1 foiz mablag‘ ushlab qolingan.

Ayni vaqtda hududda mazkur holat bilan bog‘liq bo‘lgan texnik nosozlik bartaraf etilgan bo‘lib, mijozdan ushlab qolingan mablag‘ o‘z vaqtida qaytarildi. Bankka tegishli bankomatlar esa naqd pul bilan to‘liq ta’minlandi. Bundan tashqari, vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimga nisbatan qat’iy chora ko‘rildi”.

Ma’lumot uchun: Xalq banki Oqdaryo filiali bankomatidagi nuqsonlar bo‘yicha “Oqdaryo ovozi” gazetasida yozilgan edi.