Dunyoda birinchi oltin bankomati Hindistonda ishga tushirildi
Hindistonning Haydarobod shahrida kredit yoki debet plastik kartochkalaridagi pul evaziga tilla tanga sotib olish imkonini beruvchi bankomat mijozlarga xizmat ko‘rsata boshladi. The Economic Times gazetasining yozishicha, bu nafaqat Hindistonda, balki dunyoda real vaqt rejimida ishlaydigan birinchi shunday avtomatdir.
Hindistonning "Goldsikka Pvt Ltd" xususiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan qurilma orqali oltin sotishning innovatsion texnologiyasi ishlab chiqildi. Bankomatda 5 kg 24 karatli oltin tangalar saqlanadi. Ularni sakkizta variantda - 0,5 grammdan 100 grammgacha sotib olish mumkin. Bankomatning muhim xususiyati shundaki, uning ekranida oltin narxi London fond birjasidagi qimmatbaho metallning kotirovkalari o‘zgarishiga muvofiq real vaqt rejimida yangilanadi.
Bankomat xakerlikdan ishonchli himoya tizimiga ega. U videokamera, ovozli signalizatsiya bilan jihozlangan va politsiya bilan aloqa liniyasiga ega.
Goldsikka vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qurilma barchaga bank yoki zargarlik do‘konlariga bormasdan, moliyaviy yo‘qotishlardan qochib, oltinga sarmoya kiritish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Faoliyatining birinchi kunida innovatsion bankomat 20 nafar mijozga xizmat ko‘rsatdi.
Kompaniya Hindistonda yana 3 mingta shunday bankomat o‘rnatib, o‘z mahsulotlari bilan jahon bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda.