200 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan ikki nafar yosh yigitga nisbatan jinoyat ishi ochildi
26 yanvar kuni Samarqand shahri Zarmitan ko‘chasida yashovchi 22 yoshli N.X. Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qiladi.
Unda u joriy yilning 25 yanvar kuni soat 14:00da uning yashash uyiga eshik ochiq qolganligidan foydalanib kirib, mehmonxonasidagi shkafning ustida turgan 25-30 turdagi, bahosi 200 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketganini aytib yordam berishni so‘ragan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni 23 yoshli X.A va voyaga yetmagan 16 yoshli T.D.lar sodir qilgani aniqlanib, ulardan 3 950 000 so‘m pullar, 3 dona ayollar tilla zanjiri, 3 dona uzuk, 2 juft zirak va 1 dona erkaklar soati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyatni sodir etgan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, voyaga yetmagan T.D.ga “uy qamog‘i”, X.A.ga esa “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.