IIB: turistlardan pora so‘ragan ikki xodim ishdan bo‘shatilgan
IIB xodimlarining Registon maydonida Janubiy koreyalik sayyohdan pul olganiga oid xabarlar tarqalgach, viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati holatga aniqlik kiritdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu voqeadan so‘ng, videoda qayd etilgan IIB xodimlari xizmatdan bo‘shatilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda koreyalik sayyohdan Registon maydoniga kirishi uchun pul talab qilib, uni noqonuniy ravishda tarixiy obidaga kiritgan xodimlar bilan bog‘liq lavhalar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, patrul-post xizmati batalonining ikki nafar xodimi ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi uchun xizmatdan bo‘shatilgan”, deyiladi viloyat IIB munosabatida.
Janubiy koreyalik sayyoh o‘zi tasvirga olgan ushbu videoyozuvdan ko‘rish mumkinki, sayyoh tarixiy joyga kirish uchun bilet izlab yurgan vaqtda 2 nafar ichki ishlar xodimini uchratgan. Xodimlardan biri chiqindi qutisini ko‘rsatib, 50 ming so‘m pulni o‘sha qutiga tashlab ketaverishini aytgan. Sayyoh pulni aytilgan joyga qo‘yib, Registon maydoniga kirgan.
Sayyoh videoni 2024 yilning 14 sentyabrida Youtube ijtimoiy tarmog‘iga joylagan bo‘lib, hozirgacha 62 ming martadan ziyod tomosha qilingan.