20 yildan buyon Rossiyada qidiruvda bo‘lgan avtomobil O‘zbekistonda saqlab kelinganligi aniqlandi
Rossiya Federatsiyasida biri 20 yil, ikkinchisi 10 yil mobaynida qidiruvda bo‘lgan transport vositalari Qibray va Toshkent tumanlarida saqlab kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga Qibray tumanida yashovchi fuqaro G‘.S. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida o‘ziga tegishli "Vaz-2106" transport vositasini uzoq yillar uyida saqlab kelganligi, ilgari fuqaroligi bo‘lmaganligi sababli fuqaroligi yo‘q shaxslarga beriladigan davlat raqam belgisini olganligini ma’lum qilgan. Hozirda esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgani uchun tegishli tartibda transport vositasining qayd etish guvohnomasini almashtirib, boshqa davlat raqam belgisi berishni so‘ragan.
Ushbu transport vositasiga tegishli ma’lumotlar va transport vositasi agregat raqamlari O‘zbekiston Respublikasi IIVning «Yagona avtomatlashtirilgan hisob tizimi»dan tekshirilganida avtomobil 2000 yil 12 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Orenburg shahridan olib qochilganligi hamda qidiruvda ekanligi aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent tumanida yashovchi fuqaro I.A. sotib olgan «GAZ-330202» rusumli yuk transport vositasini rasmiylashtirish uchun DYHXXga olib kelgan. Ushbu avtomobilning ham agregat raqamlari tekshirilgan. Natijada transport vositasi 2011 yildan beri qidiruvda ekanligi, uni noma’lum shaxslar Rossiya Federatsiyadan olib qochganliklari ma’lum bo‘lgan.
Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi kunda har ikkala holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli xulosa qilish uchun tergov organiga topshirilgan.