Hayotini xavf ostiga qo‘yib, olib qochilgan "Lasetti"ni to‘xtatgan podpolkovnik taqdirlanadi
Toshkent shahar IIBB xodimi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avtomobil olib qochganlikda gumonlanuvchi va Toshkent viloyatidagi hamkasblarining qidiruvida bo‘lgan shaxsni to‘xtatdi.
Toshkent viloyatida 29 yoshli Feruz M. 25 yoshli Abubakir T.ga tegishli bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomobilni olib qochdi. Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi («Transport vositasini olib qochish») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rish tadbirlari boshlandi.
27 oktyabr kuni taxminan soat 06.15 da, davlat raqamlari olib qochilgan avtomobilniki bilan bir xil bo‘lgan transport vositasi Chilonzor tumanidagi Bunyodkor ko‘chasida YPX va PPX xodimlarining nazariga tushdi. Ammo haydovchi xodimlarning transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan harakatni davom ettirdi.
Chilonzor tumani IIO FMB jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi boshlig‘i podpolkovnik Tohir Rixsiyev yengil mashinada navbatchilik olib borayotganda olib qochilgan avtomobilni ko‘rib qoladi. G‘arazgo‘y qochishga uringaniga qaramasdan, o‘z avtomobilida uni yo‘lning chetiga qisib to‘xtatgan T.Rixsiyev tomonidan qo‘lga olindi.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati fidokor xodimni taqdirlashga qaror qilgan.