Har kuni o‘rtacha 6 kishi yo‘lda vafot etyapti

Bu barchani qattiq tashvishga solishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda Respublikamizdagi bugungi haqiqiy holat tanqidiy tahlil qilinib, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari oxirgi 7 yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan bo‘lishiga qaramasdan, 2024 yilda 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani, avtohalokatlar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgani, qariyb 9 ming fuqaro jarohat olganini afsus bilan qayd etdi.

Prezident avariyalar soni yuqoriligicha qolayotgan hududlar va og‘ir oqibatli avariyalar keskin kamaygan tumanlar haqida to‘xtalib, qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullangan bo‘lsa, o‘sha yerda o‘zgarishlar kuzatilganini ta’kidladi.

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va infratuzilmani yaxshilash maqsadida bundan buyon “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinishi ma’lum qilindi. Jamg‘arma mablag‘ini shakllantirishda barcha viloyat va tumanlarning imkoniyati bir xil emasligi ko‘rsatilib, jamg‘armaga mablag‘larni loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyat va tumanlarga taqsimlash vakolati berildi.

Avvalo, har yili minglab odamning yo‘l-transport hodisalaridan ko‘z yumayotgani e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida kuniga o‘rtacha 6 nafar insonning halok bo‘layotgani nafaqat statistika, balki har bir yurtdoshimiz uchun chuqur qayg‘u va fojia hisoblanadi. Demak, yo‘l infratuzilmasi, piyodalar o‘tish joylari va qayrilib olish joylarining noqulayligi, haydovchilik madaniyatining yetishmasligi hamda o‘z huquq va majburiyatlarini yetarli darajada bilmaslik kabi muammolar tubdan hal etilishi kerak.

Shu sabab avtomobil to‘xtash joylarining yetarli darajada tashkil etilmaganligi, jamoat transportining jadvalga muvofiq ishlamasligi va ayrim tashkilotlarning ko‘chalarni to‘sib qo‘ygani tanqid qilindi.

Surunkali qoidabuzarlik bo‘yicha qat’iy choralar belgilanishi, qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi haydovchilarni ham, yo‘lovchilarni ham tartibga chaqiradi.

Aslida harakat xavfsizligini ta’minlash nafaqat haydovchilar, balki piyodalarning ham mas’uliyatini oshirishni talab etadi. Shu ma’noda yig‘ilishda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha maxsus dasturlar yangilanishi belgilangani partiyamiz dasturiy maqsadlariga mos tushadi. Bundan tashqari, “Yashil chiroq” musobaqalari qayta tiklanishi va g‘oliblar Prezident sovg‘asi bilan taqdirlanishi qayd etildi. Yoshlar ongini shakllantirish uchun zamonaviy videoroliklar, animatsion kontentlar ishlab chiqilishi belgilangani esa elektoratimiz – ziyolilar oldiga ham yangi vazifalar qo‘yadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur yig‘ilish yo‘l harakati tizimida tub burilish qilishga intilayotgan davlat siyosatining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Umuman, har bir topshiriq, ajratilayotgan mablag‘ va amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson hayoti, uning salomatligi va xavfsizligi turadi. Endi bu jarayonlarda barcha davlat organlari, mahalliy hokimliklar, jamiyat vakillari hamkorlikda qatnashib, belgilangan vazifalarni bajarishi kerak. Shundagina yo‘llarimiz xavfsiz, harakat esa madaniyatli va tartibli bo‘ladi.

Akbar Axtamov,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.