“Samarqand amaliyoti”: Mahalla hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi muhokama qilindi
Samarqand shahridagi Bog‘imaydon mahallasining jamoatchilik kengashi a’zolari joriy yil 29 mart kuni mahalla hududidan o‘tuvchi Afrosiyob ko‘chasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi muhokama etildi.
– Mazkur noxush holatga sababchi bo‘lgan haydovchi E.Narziyev ko‘chani kesib o‘tayotgan 11 yashar I.Asrorovni “Spark” rusumli avtomashinasi bilan urib yuborgan, – deydi Bog‘imaydon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, jamoatchilik kengashi rahbari Toshpo‘lat Rahmatullayev. – Tan jarohati olgan maktab o‘quvchisi shifoxonaga yotqizilgan va unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Haydovchi bolaning salomatligidan doimiy xabardor bo‘lib turgan, bu oilaga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplagan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Lekin tomonlarning taklifi bilan ishni huquq-tartibot organlariga yubormasdan mahallaning o‘zida, jamoatchilik kengashida muhokamaga qo‘ydik.
Muhokama jarayonida E.Narziyev ehtiyotsizlik oqibatida qilgan qilmishidan pushaymonligi va I.Asrorov hamda uning oilasiga yetkazilgan zararni qoplaganligini ma’lum qilib, kechirim so‘radi. Voyaga yetmagan I.Asrorovning bobosi A.Halimov esa avtoavariyani baxtsiz hodisa sifatida baholab, nabirasini baxtsiz hodisa joyidan E.Narziyevning o‘zi shifoxonaga olib borganligini va ahvolidan muntazam xabardor bo‘lib turganligini aytib, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘ligini ma’lum qildi.
Jamoatchilik kengashi a’zolari ham avtohalokat ko‘p holatlarda ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lishi, E.Narziyev ushbu holatni qasddan sodir qilmaganligi va u qilmishidan pushaymonligini hamda I.Asrorovga yetkazilgan zararni qoplaganligi sababli uni kechirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Shu tariqa jamoatchilik kengashi tomonlarning bir-birlariga nisbatan e’tirozlari yo‘qligi va o‘zaro yarashganliklarini inobatga olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida taklif kiritishga qaror qildi.