Samarqandda Koreya Respublikasida ishlash istagidagi fuqarolar o‘rtasida tanlov boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Kanvondo provinsiyasining Yanggu, Inje, Xongchon, shuningdek Kyongsangpukdo provinsiyasining Yongyang okruglari administratsiyalari o‘rtasida tuzilgan mavsumiy ishchilar to‘g‘risidagi kelishuvlarga asosan, joriy yilning 3-8 may kunlari Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 5 oylik mavsumiy ishlarda (Ye-8 vizasi bilan) vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tanlov o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.
Bugun, 7 may kuni Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tanlov boshlandi.
Tanlovda ishtirok etish niyatida bo‘lgan fuqarolar uchun Koreya tomonidan quyidagi talablar qo‘yilgan:
- viloyat hududida oxirgi 3 yil davomida doimiy ro‘yxatda turib istiqomat qilishi;
- koreys tilini bilishi (suhbat koreys tilida bo‘lib o‘tadi);
- erkaklar 35-45 yosh oralig‘ida bo‘lishi;
- oilali bo‘lishi (ajrashmagan);
- mavsumiy ishlar bo‘yicha (qishloq xo‘jaligi) tajribaga ega bo‘lishi;
- sog‘lom, yuqumli kasalliklarga chalinmagan bo‘lishi;
- sudlanmagan bo‘lishi;
- Janubiy Koreya Respublikasi hududiga kirish uchun taqiq bo‘lmasligi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqishga taqiqi mavjud bo‘lmagan va xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz: Janubiy Koreya Respublikasiga Ye-8 vizasi bo‘yicha vaqtinchalik mehnat qilish uchun jo‘nab ketgan hamda belgilangan muddatda Vatanga qaytmagan fuqarolar (noqonuniy Janubiy Koreya hududida bo‘lgan) 3 tomonlama shartnomada belgilangan tartibda Janubiy Koreya Respublikasida noqonuniy bo‘lgan har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (taxminan 2300 AQSh dollari) hamda Janubiy Koreya Respublikasining immigratsiya qonunchiligiga muvofiq 30 million koreys vonigacha (taxminan 27 000 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantiramiz.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hujjatlar topshirib, suhbatdan o‘tgan fuqarolar viza olishiga kafolat bermaydi, viza taqdim etish masalasi Janubiy Koreya Respublikasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Tanlovda ishtirok etish istagi bo‘lgan fuqarolar qatiy belgilangan talablarga mos bo‘lishligi maqsadga muvofiq bo‘lib, turli noaniq, tavakkal harakatlar fuqarolarimiz uchun ortiqcha ovoragarchilikka sabab bo‘lishi mumkin.
Tanlov jarayonlarini ushbu havola orqali jonli kuzatishingiz mumkin 👉 (https://www.youtube.com/watch?v=o5sZ2PqO7_M): https://www.youtube.com/watch?v=49_jB0jqAsA