Vladivostokda O‘zbekistonlik ishchilarning pasportlari ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan: O‘zbekiston konsulligi aralashuvi bilan hujjatlar qaytarildi

Rossiyaning Vladivostok shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulligiga o‘zbek mehnat migrantlari murojaat qilib, ish beruvchidan hujjatlarini olib berishni so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatidan bo‘lgan mazkur fuqarolar 2021 yilda Xabarovsk o‘lkasida joylashgan "VentKompleks" qurilish korxonasiga ishga kelib, shu vaqtga qadar ishlab kelgan.

Ish beruvchi mehnat migrantlarining pasportlarini vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish uchun olib, qaytarib bermagan.

Shundan so‘ng, mehnat migrantlari ish joyini tashlab chiqib ketgan va Bosh konsulxonaga murojaat qilgan.

Ish beruvchi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarimizning hujjatlari olib berildi va Vladivostok shahrida boshqa ishga joylashtirildi.