Hokim o‘rinbosari Rossiyadagi samarqandlik migrantlar bilan uchrashdi

Ayni kunlarda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i J.O‘roqov boshchiligidagi delegatsiya Sankt-Peterburg shahridagi migrantlar uchun tashkil qilingan "Yagona Migratsiya markazi"da bo‘lib turibdi.

J.O‘roqov markazda vaqtinchalik ro‘yxatga turish jarayonini rasmiylashtirish hamda ishlash uchun patent olishda yaratilgan qulayliklar bilan tanishish bilan birga, vatandoshlarimiz va samarqandliklar bilan suhbatlashdi hamda ularning ish sharoitlarini  o‘rgandi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari «Baltiyskiy Bereg» konserva zavodida bo‘ldi va ming nafarga yaqin vatandoshimiz bilan uchrashdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh Konsulxonasida Rossiya Federatsiyasida uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz, xususan, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bundan tashqari, Rossiyada faoliyat yuritayotgan Turkiyaning "Rennesans konsalting" kompaniyasida mehnat qilayotgan 2 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklarning sharoitlari o‘rganilib, takliflari atroflicha muhokama etildi.

Tanishuv davomida O‘zbekiston Respublikasining Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulligida vatandoshlar, diaspora vakillari, jamoat faollari va hamyurt mehnat migrantlari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.