Sverdlovskda mehnat migrantlarining yashash va ish sharoitlari o‘rganildi
Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekistonlik mehnat migrantlari holidan xabar olish va ularning muammolarini o‘rganish maqsadida Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyada bo‘ldi.
Keyingi kunlarda delegatsiya a’zolari Sverdlovsk oblastiga bordi.
Dastlabki uchrashuv Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg shahridagi vakolatxonasida “Ural-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati, “Vatan” jamoat tashkiloti raislari, samarqandlik mehnat migrantlari bilan bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari, Bosh konsulxona va vakolatxona xodimlari “Stroy Invest” qurilish korxonasida ishlayotgan yuz nafarga yaqin yurtdoshlarimiz yashash va ish sharoitlari bilan tanishdi, ularning qulaylik yaratish bo‘yicha takliflarini tingladi.
Bundan tashqari, Bosh konsulxona tomonidan Samarqand viloyati delegatsiyasining Sverdlovsk viloyati gubernatori o‘rinbosari V.Kozlov hamda Ural savdo-sanoat palatasida yirik ish beruvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid bir qator masalalar muhokama qilindi.