Samarqandda “lahzalik lazzat” pullayotganlar qonun oldida javob beradigan bo‘ldi
Psixotrop dorilarni iste’mol qilgan insonda aksariyat hollarda ruhiy buzilishi kuzatiladi. Uning ta’sirida o‘z joniga qasd qilganlar ham uchrab turadi. Shu bois mazkur dori vositalarini realizatsiya qilishni tartibga solish maqsadida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilingan.
Xodimlarimiz tomonidan Prezidentimizning "Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida psixotrop va psixofaol dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan, ularni tarqatayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, yaqinda davlat xafsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda psixotrop dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan ayrim kimsalar fosh qilindi.
Jumladan, Samarqand shahar Abdurahmon Jomiy ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Alisher Xusanov (ism, familiyalar shartli) 47 dona kuchli ta’sir qiluvchi “PERGE-300 mg” nomli dori vositasini 1 million 480 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida undan 52 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Huquqbuzar aybiga iqrorlik bildirib bergan arizasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, Samarqand shahar Dahbed ko‘chasida Alisher Xusanovga 55 dona “PERGE-300 mg” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1 million 375 ming so‘mga sotayotgan vaqtda fuqaro Hamza Temirov ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan har ikki fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati.