2025 yilda Samarqand viloyatida Olimpiya va Paralimpiya harakati, sport ta’limi va seleksiya hamda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholi jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida

Viloyat hokimining QARORI

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq, shuningdek, viloyatda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish orqali nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarimizning har tomonlama muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash maqsadida QAROR QILAMAN:

1. Quyidagilar:

Olimpiya va Paralimpiya harakati, sport ta’limi va seleksiya hamda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholi jismoniy faolligini oshirish yuzasidan Samarqand viloyatida 2025 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Samarqand viloyatida 2025 yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;

2025 yilda hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan “sport qabullari” o‘tkazish bo‘yicha reja-jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Viloyat hokimining o‘rinbosari (X.To‘xtayev), viloyat sport boshqarmasi (Sh.Ro‘ziyev) tegishli boshqarma va tashkilotlar hamda tuman va shahar hokimliklari bilan birgalikda ilovalarda belgilangan topshiriqlarni belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

3. Viloyat hokimining o‘rinbosari (X.To‘xtayev), viloyat sport boshqarmasi (Sh.Ro‘ziyev), Yoshlar ishlari boshqarmasi (S.Boboyev) tuman va shahar hokimliklari bilan birgalikda:

- jismoniy tarbiya va sport bilan doimiy shug‘ullanadigan aholi ulushini joriy yilda kamida 30 foizga yetkazish;

- viloyat yoshlarining sportga qiziqishlarini kuchaytirish maqsadida tajribali va taniqli sportchilar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish;

- olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarning ijtimoiy-maishiy va moddiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirib borish;

- xususiy sport klublari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsin.

4. Viloyat hokimining o‘rinbosari (X.To‘xtayev), viloyat sport boshqarmasi (Sh.Ro‘ziyev) mazkur qarorda va Yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha har oyda bir marotaba viloyat hokimi huzurida tuman (shahar) hokimlari, viloyat sport boshqarmasi, hududiy sport federatsiyalari va davlat sport ta’lim muassasalari ishtirokida muhokama qilib borish choralarini ko‘rsin.

5. Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati (M.Ixtiyorov) mazkur qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida e’lon qilinishini hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.

6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev zimmasiga yuklansin.

Viloyat hokimi v.b.                             A.Boboyev

2025 yil 25 fevral, № 64-7-0-Q/25