Erkinjon Turdimov Samarqand shahar hokimining ayrim qarorlarini bekor qildi
Samarqand viloyati hokimining 2022 yil 14 apreldagi bu haqdagi qarori e-qaror.gov.uz ga joylashtirildi.
Qarorda keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6243-son farmonining 4-bandiga asosan 2021 yil 1 avgustdan tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish vakolatlari bekor qilingan.
Biroq Samarqand shahar hokimligi tomonidan 7 ta qarorlar yuqoridagi farmon talablariga zid ravishda qabul qilingan.
Shahar hokimi tomonidan ushbu qarorlar qabul qilinishiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 71-son qarori asos qilib ko‘rsatilgan. Vaholanki mazkur qarorda shahar, tuman hokimligi tomonidan yer maydonini zaxiraga olish haqida qaror qabul qilinishi nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilarga asoslanib, Samarqand shahar hokimining 2022 yil 14-15 mart kunlari qabul qilingan 7 ta qarori bekor qilindi.
Samarqand shahar hokimiga 2 kun muddatda yer munosabatlariga oid qarorlarni qabul qilishda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, kichik sanoat zonalari va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.Radjabov, hokimning kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Olimov va bosh yuriskonsult B.Toyirovlarga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo choralarini qo‘llash vazifasi topshirildi.