Ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida

 Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” PQ-5152-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish asosida sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish hamda ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va unga tutash yer uchastkasini talab darajasida saqlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 yanvardagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 3-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 24-moddasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi oltinchi chaqiriq, oltmish oltinchi sessiyasi QAROR  QILADI:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 yanvardagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 3-sonli qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  2. Ko‘p kvartirali uyda umumiy mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  3. Mazkur qaror bilan ko‘p kvartirali uyda umumiy mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatini tuzish va tasdiqlash tartibini belgilashi;

tasdiqlangan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomalari hamda umumiy mulkni saqlash va (yoki) ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalardan kelib chiqiladigan munosabatlarga nisbatan qo‘llanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. Ro‘yxatda nazarda tutilgan xizmatlar va ishlar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan aholiga shartnomaviy namuna asosida xizmat ko‘rsatish;

- har bir ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar va ishlar ro‘yxati ular tomonidan ishlab chiqariladigan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatiga muvofiq shakllantirilishi;

- xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatiga kiritilgan xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish davriyligi ko‘p kvartirali uyning tanlangan boshqaruv usuli bilan belgilanishi;

- xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatiga kiritilgan xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish davriyligi quyidagi hujjatlarda rasmiylashtirilishi, bunda:

a) ko‘p kvartirali uyni boshqarish to‘g‘ridan-to‘g‘ri uy egalari tomonidan amalga oshirilsa - ko‘p kvartirali uylarda mulk egalarining umumiy yig‘ilishi qarorida;

b) ko‘p kvartirali uyga tanlangan boshqaruvchi tashkilot xizmat ko‘rsatganda – ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasida;

v) ko‘p kvartirali uyni boshqarish uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan amalga oshirilsa – sheriklik to‘g‘risidagi Nizomda;

g) yangi qurilgan uylar bevosita quruvchi tomonidan boshqarilsa

 – quruvchi tashkiloti qarorida;

xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib shakllantirilishi va belgilangan tartibda xalq deputatlari viloyat Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilishi inobatga olinsin.

  1. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari ta’sis hujjatlarda, ilmiy-uslubiy salohiyati va texnik jihozlari bilan ta’minlash darajasida o‘zgarish yuz berganda, xizmatlar va ishlar ro‘yxatiga uni tasdiqlash tartibiga muvofiq tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkinligi belgilab qo‘yilsin.
  2. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi (M.Mirzayev), viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” MChJ (A.Anvarov) mazkur qarorni “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalarida chop etilishini hamda Lex.uz – O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga o‘rnatilgan tartibda joylashtirilishini ta’minlasin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O‘.Saidmurodov) hamda viloyat hokimining o‘rinbosari (A.Shukurov) zimmalariga yuklansin.
  4. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Kengash raisi     E.Turdimov

 

2022 yil, 1 iyul

№ VI-66-143-7-0-K/22

***

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2022 yil 1 iyuldagi VI-66-143-7-0-K/22-sonli qaroriga 1-ilova

Ko‘p kvartirali uyda umumiy mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxati

Ko‘p kvartirali uylarning tayanch (poydevorlar, devorlar, ustunlar va ustunlar, orayopma va tom yopmalar, to‘sinlar, rigellar, zinapoyalar, tomning tayanch elementlari) konstruksiyalari va tayanch bo‘lmagan (to‘suvchi devorlar, ichki pardoz, pol qismi) konstruksiyalarini to‘g‘ri saqlash uchun zarur bo‘lgan ishlar

  1. Barcha turdagi poydevorlarga nisbatan amalga oshiriladigan ishlar:

bino atrofidagi hudud elementlarining vertikal rejaga nisbatan loyiha parametrlariga mosligini tekshirish;

aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish;

konstruksiyalarning ko‘rinadigan qismlarini texnik holatini;

barcha turdagi poydevorlarning notekis cho‘kishi alomatlarini;

beton, temir-beton va g‘isht-tosh poydevorli uylarda armaturalarning zanglashi, sirtqi qatlamning buzilishi, darzlarning paydo bo‘lishi, bo‘rtib chiqishlar, vertikaldan siljish holatlarini;

ustunqoziqli yog‘och poydevorli uylarda yog‘och asosning chirishi va qisman buzilishi holatlarini tekshirish va aniqlash;

nosozliklar aniqlanganda – nuqsonlar aniqlangan joylarda nazorat shurflarini ishlab chiqish, nosozliklarning sabablarini batafsil tekshirish va konstruksiyalarning ekspluatatsion xususiyatlarini qayta tiklash hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlar rejasini tayyorlash;

poydevorlarning gidroizolyasiya hamda drenaj tizimi holatini tekshirish. Nosozliklar aniqlanganda – ularning faoliyatini tiklash.

  1. Yerto‘lali binolarda amalga oshiriladigan ishlar:

yerto‘lalarning harorat-namlik maromini tekshirish va nosozliklar aniqlanganda ularning sabablarini bartaraf etish;

yerto‘lalarning hamda ularga kirish yo‘llari va tirqishlarining holatini tekshirish, bunday binolarda suv toshish, ifloslanish, chiqindilar to‘planishi va kirish yo‘llarining to‘silib qolishi holatlarining oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish;

yerto‘lalarning eshiklari, texnik yer osti yo‘llari va ularni tambalash qurilmalarining holati ustidan nazorat o‘rnatish. Aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning devorlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ekspluatatsiyaning loyihada belgilangan shartlaridan chetlashish holatlarini, noqonuniy o‘zgartirishlarning konstruktiv yechimlarini, ko‘tarish qobiliyatini yo‘qotish alomatlari, deformatsiyalarning mavjudligi, issiqlik himoyasi xususiyatlarining ishdan chiqishi, binoning devor va sokol qismlari orasidagi gidroizolyasiyasi, drenaj qurilmalarining nosozliklarini aniqlash;

armaturalar o‘rnatilgan qismlarda va quyilma detallarda korroziya, deformatsiya va yoriqlar belgilarini aniqlash, ichki ko‘ndalang devorlarning katta o‘lchamli bloklardan tayyorlangan panellardan iborat yuk ko‘taruvchi va o‘zini-o‘zi ko‘taruvchi devorlarga tutashgan joylarda yoriqlarning mavjudligi;

mayda bloklardan, sun’iy va tabiiy g‘isht-toshdan iborat devorli uylarda alohidagi konstruksiyalarning birikish joylaridagi kamchiliklarni, devorning vertikaldan og‘ishi va alohida qismlarining bo‘rtib chiqishi, yoriqlarning mavjudligi va ularning xususiyatlarini, devor termasi qorishmasining eroziyaga uchraganligi, termaning buzilishi holatlarini aniqlash;

kesilgan, karkasli, to‘sinli, yig‘ma konstruksiyali yog‘och devorli uylarda qismlarning bir-biriga birikish tugunlarida, og‘ish, siljish, qiyshayish, yemirilish, vertikaldan og‘ish holatlarini aniqlash, shuningdek chirigan, yog‘ochni zararlovchi zamburug‘lar va hashoratlar ta’sirida zararlangan qismlarni mavjudligini hamda devor qoplamalari va suvoqlarining yuqori namlik ta’sirida nurashi holatlarini ham aniqlash;

shikastlanish va nosozliklar aniqlangan holatda – devorlarni instrumental tekshiruvdan o‘tkazish, ularni ekspluatatsiyasi va loyiha shartlarini tiklash va ularni bajarish bo‘yicha tadbirlar rejasini tuzish va uni amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning orayopma va tom yopmalarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ekspluatatsiya talablarining buzilishi, noqonuniy o‘zgartirishlarning konstruktiv yechimlarini belgilash, egilish, yoriqlar paydo bo‘lishi va siljishlarni aniqlash;

orayopmalardagi va devorga tutashgan joylardagi yoriqlarning mavjudligi, xususiyatlari va o‘lchamlarini, betonning himoya qatlamining ko‘chishi va armaturaning ochilib qolishi, monolit va yig‘ma temirbeton plitalardan iborat orayopma va tom yopmali uylardagi armaturalarning korroziyasini aniqlash;

balandlik bo‘yicha bir plitaning boshqasiga nisbatan siljishini, yoriqlarning mavjudligi, xususiyatlari va o‘lchamlarini, choklarda tekislash qatlamining ko‘chishini, tayanch joylardagi plita va devorlardagi suv sizishi va muzlash belgilarini, yig‘ma temirbeton konstruksiyadan iborat orayopma va tom yopmali uylardagi betonning himoya qatlamining buzilishi, armaturalarning ochilib qolishi va zanglashi kabi belgilarni aniqlash;

g‘isht gumbazli orayopmalari mavjud uylarda to‘sinlarning korroziyasini hamda gumbazlarda yoriqlarning mavjudligi, xususiyatlari va o‘lchamlarini aniqlash;

yog‘och orayopma va tom yopmali uylarda orayopmalarning siqilishi, suvoq qatlamidagi yoriqlarning mavjudligi, xususiyatlari va o‘lchamlarini, yog‘ochli tayanch elementlarning va ularning tiralish joylarining butligini, shiftlardagi suv sizishi izlarini, to‘ldiruvchilarning zichligi va namligini, yog‘och elementlarning yog‘ochni zarar yetkazuvchi zamburug‘lar va kemiruvchi hashoratlar bilan zararlanganligini aniqlash;

issiqlik saqlovchi qatlamning, tovush va namlikdan himoyalash qatlamlarining orayopma (tom yopma) pardoz qatlamlarining o‘zaro yopishishi holatlari tekshirish;

shikastlanish va nosozliklar holatlari aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning ustun va tayanchlarni talab darajasida saqlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar:

Ekspluatatsiya talablarining buzilishi, noqonuniy o‘zgartirishlarning konstruktiv yechimlarini belgilash, ustuvorlikning yo‘qolishi, yoriqlarning mavjudligi, xususiyatlari va o‘lchamlari, bo‘rtib chiqish va vertikaldan og‘ish holatlarini aniqlash;

yig‘ma va monolit temirbeton ustunli uylarda armatura va armatura to‘rlarning holatini nazorat qilish va ulardagi zanglash alomatlarini aniqlash, armaturaning ochilib qolishi va uning beton bilan yopishqoqligining buzilganligi, beton tanasida chuqur notekisliklar, g‘ovakliklarni aniqlash;

g‘ishtli tayanchlari mavjud uylarda g‘ishtlarning buzilish va to‘kilish holatlari, po‘lat bog‘lovchilar va ankerlarning uzilishi yoki qo‘porilishi, to‘sinlar va sarbastalar ostidagi tayanchlar devorlarda termaning shikastlanishi, g‘ishtning maydalanishi yoki gorizontal choklar bo‘ylab terma qatorlarining siljishi holatlarini aniqlash;

yog‘och ustunli uylarda yog‘ochni zararlovchi zamburug‘lar va kemiruvchi hashoratlar bilan zararlanganligi, chirishi, qatlamlanishi, yog‘och tolalarning uzilishi holatlarini aniqlash;

yig‘ma va monolit temirbeton ustunli uylarda metalldan ishlangan quyilma detallari holati ustidan nazorat o‘rnatish;

shikastlanish va nosozliklar holatlari aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning orayopma va tom yopmalarining to‘sin (rigel)larini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ekspluatatsiya talablarining buzilishi, noqonuniy o‘zgartirishlarning konstruktiv yechimlarini belgilash, ustuvorlikning yo‘qolishi, yoriqlar, egilishlar, siljish kabi deformatsiya holatlarini nazoratga olish;

monolit va yig‘ma temirbeton to‘sinli orayopma va tom yopmali uylarda betonning siqilgan zonasida sirtning ko‘chishi, armatura ochilib qolishi va zanglashi, yirik o‘lchamdagi bo‘rtib chiqishlar va siniqlarni aniqlash;

tayanch elementlar kundalang kesim yuzasini kamaytiruvchi korroziya alomatlari, konstruksiyalarning mahalliy barqarorligining yo‘qotishi (devorlarning va to‘sin kamarlarining bo‘rtib chiqishi), elementlarning asosiy materiallaridagi yoriqlarni aniqlash;

po‘lat to‘sinli orayopma va tom yopmaga ega ko‘p kvartirali uylarda tayanch elementlardagi korroziya alomatlarini va ularning ko‘ndalang kesim yuzalarining kamayishini aniqlash;

yog‘och to‘sinlarning chirishi va namlanishi, devorlarga yotqizilgan to‘sinlarning issiqlik izolyasiyasi, yog‘och ko‘zlari atrofidagi sinish va uzilishlarni hamda qirqim maydoni taqalmalaridagi darzlarni aniqlash;

shikastanishlar va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uyning tom qismini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

tomdan chakki o‘tmaslik holatlarini aniqlash;

tomda joylashgan yashindan himoya uskunalarni, machtalarning yerga ulanganligini va boshqa qurilmalarning holatini tekshirish;

tom qoplamasining tayanch konstruksiyalarini, yog‘och konstruksiyalarning antiseptik va yong‘inga qarshi himoyalanganligini, shamollatish tuynuklarini, tomga chiqish yo‘llarini, chordoqlardagi o‘tish ko‘priklari va yurish taxtalarining, cho‘kish va harorat choklarini, ichki tarnovlarning suv kirish voronkalarining deformatsiyasi va shikastlanganligini aniqlash;

ekspluatatsiyadagi tomlarning himoya beton plitalari va to‘siqlari holatini, drenaj qatlamining filtrlash quvvatini, temir-beton qutilarning tayanch joylarini va boshqa elementlarni tekshirish;

chordoqlardagi havo almashinuvi tizimi hamda harorat-namlik maromini tekshirish;

davomli va barqaror manfiy tashqi havo harorati kuzatilgan davrda chordoqsiz uylarning tomlari qoplamalari muzlashi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish va ekspluatatsiyaning me’yoriy talablarini bajarish maqsadida ularning yuqori qavatlari shiftlarini ko‘zdan kechirish;

tom va tarnovlardan yomg‘ir hamda erigan suvlarning oqib ketishini ta’minlash maqsadida axlat va chiqindilar, muzlar to‘planishini tekshirish va zarur hollarda ularni tozalash;

metall elementlarning himoya bo‘yoq qatlamini tekshirish va zarur bo‘lganda tiklash, tom qoplamalarning metall mustahkamlagichlarini korroziyaga qarshi himoya bo‘yoqlar va tarkiblar bilan bo‘yash;

ballast usuli bilan bog‘lanadigan tomlarning elastomer yoki termoplastik membranalari uchun to‘kma qayta yuklovchi himoya qatlamini tekshirish va zarur bo‘lganda qayta tiklash;

elastomer va termoplastik materiallardan tarkib topgan tomlarning yuriladigan zonalaridagi yo‘lakchalarini tekshirish va zarur bo‘lganda qayta tiklash;

tomlarda joylashgan po‘lat bog‘lamlarning korroziyaga qarshi sirtini, texnik xonalardagi temir detallarni tekshirish va zarur bo‘lganda qayta tiklash;

chakki o‘tishiga olib keluvchi nosozliklar aniqlangan taqdirda, ularni zudlik bilan bartaraf etish. Qolgan vaziyatlarda – qayta tiklash ishlari rejasini ishlab chiqish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning zinapoyalarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

tayanch konstruksiyalardagi deformatsiya va shikastlanishlarni, pillapoyalardagi kovaklar va siniqlarni aniqlash;

temir-beton zinapoyali uylarda yonplitalarga ulangan qismlarda yoriqlarning mavjudligi va ularning parametrlarini, armaturalarning ochilib qolishi va korroziya alomatlarini, pog‘onalarning alohida qismida bog‘lanishlarning buzilishi holatlarini aniqlash;

po‘lat kosourli zinapoyalari mavjud uylarning metall konstruksiyalardagi korroziya alomatlarini, kosourlarning egilishi, ularning zina maydonchalari bilan bog‘lanishidagi nosozliklarni aniqlash;

yog‘och zinapoyali uylarda tayanch konstruksiyalar egilishini, zina maydonchalarini ushlab turuvchi kamonlarning to‘sinlarga mahkamlanishining buzilishi, zinapoya konstruksiyalari kesimlarini, shuningdek chirishlar va kemiruvchi hashoratlar bilan zararlanganligini aniqlash.

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

po‘lat kosourlarda joylashgan zinapoyalari mavjud uylarning metall kosourlarining suvoq qatlamini tekshirish yoki zarur hollarda yong‘inga chidamliligini normativ chegarasini ta’minlash maqsadida zarur choralarni ko‘rish.

yog‘och zinapoyali uylarda yog‘och yuzalarini holatini tekshirish va zarur hollarda antiseptik va olovbardosh tarkibli moddalar bilan ishlov berish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning fasad qismini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

fasad qismining pardozi va uning alohida elementlarining buzilishlarini, pardoz qatlamlarining devor bilan birikish holatini, tashqi tarnovlarning butligi va germetik holatini aniqlash;

axborot belgilari, kirish yo‘laklarida yoritish tizimining holati va ishga yaroqliligini nazorat qilish;

balkon, lodji va soyabonlardagi tayanch konstruksiyalarning, metall to‘siqlar elementlarini, gidroizolyasiyasi, ekspluatatsiya sifati va nosozliklarini aniqlash;

balkonlar va bino, yerto‘lalarga kirish joylari ustidagi veranda va soyabonlarning alohida elementlarini almashtirish, tiklash va holatini nazorat qilish;

kirish eshiklari oshiqlarining zichligini tiklash, o‘zi yopiluvchi qurilmalar (yopqichlar, prujinalar), eshikni sekin yopuvchi qurilmalar holatini nazorat qilish;

shikastlanish va nosozliklar aniqlangan taqdirda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylardagi to‘siq devorlarni talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

sanitar-texnik uskunalar o‘rnatilgan va turli xil quvurlar o‘tgan joylardagi to‘siqlarning bir-biri hamda asosiy devorlar, tomyopma, isitish uskunalari, eshik kesakilari bilan tutashgan joylarida va to‘siqlar tanasida mo‘rtlik, bo‘rtib chiqish holatlari, yoriqlar mavjudligini aniqlash;

tovush va yong‘indan himoyalanish holatini tekshirish;

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uyning ichki pardozlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar - ichki bezaklar holatini tekshirish. Pardozlash qatlamlarining qulashi yoki tayanch konstruksiya va muhandislik uskunalariga nisbatan himoya xususiyatlarining buzilishi xavfi mavjud bo‘lsa – aniqlangan nosozliklarni bartarf etish.
  2. Ko‘p kvartirali uyning umumiy mulkidagi pol qismlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ustki qatlam va asosning holatini hamda shamollatish tizimining (yog‘och pollar uchun) ishga yaroqlilik holatini tekshirish;

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkidagi eshik va deraza romlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkidagi eshik va deraza romlarining butligini, oshiqlarning zichligini, romlar elementlari furnituralarining quvvati va ishga yaroqliligini tekshirish;

issiqlik mavsumida aniqlangan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish. Qolgan vaziyatlarda – qayta tiklash ishlari rejasini ishlab chiqish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

 

  1. Ko‘p kvartirali uylarda umumiy mulkning bir qismi bo‘lgan uskunalar va muhandislik ta’minoti tizimlarini talab darajasida saqlash uchun zarur bo‘lgan ishlar
  2. Ko‘p kvartirali uylardagi chiqindi shaxtalarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

chiqindi shaxtalarining texnik holati va ishga yaroqliligini tekshirish;

tiqilishlar aniqlanganda - ularni zudlik bilan bartaraf etish;

chiqindilarni yig‘ish kamerasi va uning jihozlarini, chiqindi quvurlari poyasi klapanlarini tozalash, yuvish hamda dezinfeksiyalash;

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarning shamollatish tizimlari va dudburonlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

shamollatish tizimlari va dudburonlarini mavsumiy boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, tizimning jihoz va elementlari ishga yaroqliligini aniqlash.

shamollatish tizimining ishlashida nomaqbul tebranishlar va shovqin sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish, holatini nazorat qilish;

issiq chordoqlarning issiqlik izolyasiyasi holatini va ularga kirish yo‘llarining zich tambalanganligini tekshirish;

shamollatish yo‘laklari va shaxtalarda ochilib qolgan joylarni, yo‘laklardagi tiqilishlarni, dudburon shaxtalaridagi shiber va drossel-klapanlarning hamda shaxta ustidagi soyabonlar va deflektorlarning nosozliklarini bartaraf etish, nuqsonli dudburon panjaralari va ularning tutqichlarini yangisiga almashtirish;

sovutish tizimlarini ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ularning butligini tekshirish;

avtomatik dudburonlarni soz holatda saqlashni ta’minlash va nazorat qilish;

kaloriferlarni havo ta’minoti qismidan mavsumiy ochib-yopish;

metall dudbo‘ronlar, quvurlar, poddon va deflektorlarning holatini nazorat qilish va zanglashga qarshi bo‘yoq qismini tiklash;

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

dudbo‘ron kanallaridagi tiqilishlarni bartaraf etish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarda individual isitish punktlari va suv nasoslarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

ko‘p kvartirali uylarda individual isitish punktlari va suv nasoslarini ishga tushirish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, uskunalarning holatini va ishga yaroqliligini tekshirish;

issiqlik va suv ta’minoti parametrlari (bosimi, harorati, sarfi)ni doimiy nazorat qilish hamda issiqlik va suv ta’minoti uchun talab etiladigan parametrlarni tiklashning tezkor choralarini ko‘rish;

individual isitish punktlari va suv nasoslari tizimlari uchun uskunalarni gidravlik va termik sinovdan o‘tkazish;

qotma-zang qatlamlarni yo‘qotish maqsadida issiqlik almashinuvi uskunalarini tozalash ishlarini amalga oshirish;

issiq suv ta’minoti tizimi uchun suv tozalash qurilmasining ishga yaroqliligini va saqlanishini tekshirish;

shikastlanish va nosozliklar aniqlanganda – qayta tiklash ishlari rejasini tuzish (zarur hollarda), qayta tiklash ishlarini amalga oshirish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarda suv ta’minoti (issiq va sovuq), issiqlik ta’minoti hamda suv o‘tkazgichlarning talab darajasida saqlash maqsadida amalga oshiriladigan umumiy ishlar:

doimiy kuzatuvda bo‘lmagan (chordoqlar, yerto‘lalar va kanallardagi tarqaluvchi quvur va uskunalar) nasoslar, yopqich armaturalar, nazorat-o‘lchov asboblari, avtomatik sozlagichlar va jihozlar, umumiy (uy uchun umumiy) o‘lchash moslamalari, kengaytirish baklari va elementlarga texnik xizmat ko‘rsatish, to‘g‘rilash, sozligi va ishga yaroqliligini tekshirish;

issiqlik va suv o‘tkazgichlar parametrlari (bosimi, harorati, sarfi)ni doimiy nazorat qilish hamda issiqlik va suv o‘tkazgichlar uchun talab etiladigan parametrlarni tiklashning tezkor choralarini ko‘rish;

nazorat-o‘lchov asboblarining (manometr, termometr va b.) holatini nazorat qilish va nosoz asboblarni almashtirish;

ko‘p kvartirali uyning umumiy mulkiga tegishli bo‘lgan uskunalar va issiqlik ta’minoti jihozlari, suv taqsimlagichlarning (aralashtirgich, kran va b.) ishga yaroqliligini tiklash;

quvurlarning qismlarida va bog‘lovchi elementlarning germetikligi buzilgan holatlarda zudlik bilan germetikligini tiklash va holatini nazorat qilish;

ichki kanalizatsiya, kanalizatsiya quvurlari, ichki oqova suv, drenaj tizimlari va tashqi kanalizatsiya elementlarining holatini nazorat qilish va nosozliklarni bartaraf etish;

ichki oqova suv ish maromining ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlash maqsadida ularning gidravlik zatvorlarini o‘chirib-yoqish;

suv tarmog‘ida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirgandan so‘ng uning qismlarini yuvish;

suv bosimi sig‘imlarini yuvish va tozalash;

mahalliy tozalash inshootlari (septiklar) va tashqi hojatxonalarni tekshirish va ularning ishlashini ta’minlash;

suv ta’minoti tizimlarini zang cho‘kindilardan tozalash uchun bosim bilan yuvish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti (isitish tizimi, issiq suv) tizimlarini talab darajasida saqlash uchun amalga oshiriladigan ishlar:

kirish tugunlari va isitish tizimlarini kuch va zichlikka bardoshlilikni sinash (gidravlik sinovlar), isitish tizimlarini sozlash va bosim bilan yuvish;

ishga tushirish ishlarini sinovdan o‘tkazish;

isitish tizimidan havoni chiqarib tashlash;

markaziy issiqlik ta’minoti tizimlarini qotma-zang cho‘kindilaridan tozalash uchun bosim bilan yuvish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarda elektr, radio va telealoqa asboblarini talab darajasida saqlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar:

elektrokabel qobig‘ini yerga ulanishini, uskunalarni (nasoslar, shit ventilyatorlari va b.) tekshirish, simlarning va quvurlarning izolyasiya qarshiligini o‘lchash hamda tekshiruv natijalariga ko‘ra yerga ulanish zanjirlarini tiklash;

himoya o‘chirgichlarning ishlashini tekshirish va ta’minlash;

elektr va yoritish moslamalari, dudbo‘ronlarning elektr moslamalari, avtomatik yong‘in signalizatsiya tizimlari, ichki yong‘inga qarshi suv tarmoqlari, liftlar, qozonxonalarni avtomatlashtirish moslamalari, boylerlar, issiqlik punktlari, yashindan himoya elementlari va uy ichki elektr tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ta’mirlash, taqsimlovchi qutilar va guruhli qutichalardagi kontaktlar va bog‘lanishlarni tozalash, elektr jihozlarini sozlash;

yong‘in va xavfsizlik signalizatsiyalarining ishdan chiqqan datchiklari, elektr simlari va jihozlarini almashtirish hamda holatini nazorat qilish.

  1. Ko‘p kvartirali uylarda ichki gaz qurilmalari tizimini talab darajasida saqlash maqsadida bajariladigan ishlar;

uy ichidagi gaz qurilmalari tizimi va ularning alohidagi elementlarining holatini tekshirishni tashkil etish;

xonalarda gaz miqdorini nazorat qilish bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tizimini tashkil etish;

uylarning ichki gaz qurilmalarida, dudbo‘ron va shamollatish tizimida xonalarda gazning yig‘ilib qolishiga olib keluvchi noqonuniy holatlar va nosozliklar aniqlanganda - ularni zudlik bilan bartaraf etish ishlarini tashkil etish;

  1. Ko‘p kvartirali uylarda lift (liftlar)ni talab darajasida saqlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar:

dispetcherlik nazorati tizimini tashkil etish va lift kabinasinining dispetcher bilan aloqasini ta’minlash;

lift (liftlar)ni ko‘rikdan o‘tkazish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni ta’minlash;

lift (liftlar)ga avariyali holatlarda xizmat ko‘rsatish tizimi bilan ta’minlash;

lift (liftlar)da texnik tekshiruv ishlarini, jumladan, ularning ba’zi qismlari almashganda ko‘riklar o‘tkazishni ta’minlash.

 

III. Ko‘p kvartirali uylarda boshqa turdagi umumiy mulklarni talab darajasida saqlash uchun zarur bo‘lgan ishlar

  1. Ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkiga kiruvchi xonalarini saqlash bo‘yicha ishlar:

tamburlarni, zallarni, yo‘laklarni, galereyalarni, lift maydonchalari va lift zallarini, kabinalarini, zina maydonchalari va pillapoyalarini quruq va nam holatda tozalash;

deraza atroflarini, deraza panjaralarini, zina tutqichlarini, kam kuchlanishli elektr hisoblagich qutilarini, pochta qutilarini, eshik kesakilari, tabaqalari va tutqichlarini namli tozalash;

derazalarni yuvish;

himoya tizimlari (metall panjaralar, qoplamalar, matolar)ni kirlardan tozalash;

ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkiga kiruvchi xonalarni turli hashorat va kemiruvchilardan tozalash maqsadida deratizatsiyalash va dezinseksiyalash, uyga tutash hududdagi mahalliy tozalash inshootlari (septiklar) va tashqi hojatxonalarni dezinfeksiyalash.

  1. Ko‘p kvartirali uy joylashgan yer maydoni (keyingi o‘rinlarda – tutash hududlar)dagi mazkur uyga xizmat qilishga va ekspluatatsiyasi uchun mo‘ljallangan ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish elementlari va boshqa ob’yektlarni yilning sovuq davrida talab darajasida saqlash bo‘yicha ishlar:

quduqlar va yong‘inga qarshi gidrantlar qopqoqlarini qalinligi

5 sm.dan ortiq qor va muz qatlamlaridan tozalash;

tutash hududlarni yangi yog‘ayotgan qorlardan hamda qalinligi 5 sm.dan ortiq qor va muz qatlamlaridan tozalash;

tutash hududlarni qor uyumlaridan tozalash (yoki qordan holi bo‘lgan bunday hududlarni supurish);

tutash hududlarni muzlashdan va muzdan tozalash;

uyga kirish yo‘laklarida o‘rnatilgan o‘rnalar axlatini tozalash va ularni yuvish;

uyga kirish yo‘laklari atrofi maydoni va tashqi zinalarni tozalash.

  1. Tutash hududlarni yilning issiq davrida talab darajasida saqlash bo‘yicha ishlar:

Tutash hududlarni supurish va tozalash;

uyga kirish yo‘laklarida o‘rnatilgan axlat idishlarini tozalash va ularni yuvish;

yashil maysazorlarni tozalash va o‘rish;

yog‘in suvlarini qochirish tarmog‘ini tozalash;

uyga kirish yo‘laklari atrofi maydoni va tashqi zinalarni  tozalash, metall panjaralar va kanallarni tozalash.

  1. Suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqishni ta’minlash bo‘yicha ishlar:

markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagan ko‘p kvartirali uylarda suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun ishlatiladigan inshootlar va qurilmalarni soz holatda ishini ta’minlash;

tutash hududlarda joylashgan hojatxonalardagi suyuq maishiy chiqindilarni olib ketishni tashkil etish;

tutash hududlarda joylashgan tozalash inshoot (septik)lardagi suyuq maishiy chiqindilarni olib ketishni tashkil etish.

  1. Yong‘in xavfsizligi talablarini ta’minlash bo‘yicha ishlar - yong‘in xavfsizligi zinalari, narvonlari,o‘tish yo‘laklari, chiqishlar, avariyaviy yoritish tizimlari, o‘t o‘chirgichlar, signalizatsiyalar, yong‘in xavfsizligi suv ta’minoti, yong‘inga qarshi vositalar, yong‘indan himoyalovchi dudbo‘ronlarini ko‘zdan kechirish va soz holda ishlashini ta’minlash.
  2. Ko‘p kvartirali uyning ichki muhandislik tarmoqlarida belgilangan chegaraviy muddatlarda avariyalarni bartaraf etish, aholi murojaatlarini bajarish.
  3. Ko‘p kvartirali uydagi nogironlarga qulay sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan joylardagi konstruksiya va (yoki) boshqa uskunalar holatini tekshirish va zarur hollarda ularni tiklash choralarini ko‘rish.
  4. Ushbu ro‘yxatning I va II bo‘limlarida ko‘zda tutilgan ishlar va xizmatlar ko‘p kvartirali uydagi nogironlarga qulay sharoitlar yaratishga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.