Ko‘p kvartirali uy-joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qanday kechyapti?

Viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joylarda ko‘p kvartirali uy-joylarni 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganilmoqda.

Xususan, Samarqand shahridagi Gullar bog‘i mahallasi Beruniy ko‘chasidagi 21, 21A, 23A-sonli, Ali Qushchi mahallasi Beruniy ko‘chasidagi 27, 33, 37-sonli, Ro‘dakiy ko‘chasidagi 88, 108, 132-sonli ko‘p kvartirali uy-joylarning fasad qismlari, kirish yo‘laklari, tom qismlari, yerto‘la qismidagi oqova suv quvurlari va tik quvurlarni ta’mirlash, framuga oynalarini yangilash, energiya tejovchi harakat datchiklarini o‘rnatish ishlari ko‘zdan kechirildi.

- Samarqand shaxridagi 11 ta mahalla hududida joylashgan 160 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatamiz, - deydi “Samarqand oltin asr” boshqaruv servis kompaniyasi rahbar o‘rinbosari O‘tkir Oblaqulov. - 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasidagi tasdiqlangan Dastur doirasida 6 ta ko‘p qavatli uyning tomini to‘liq ta’mirlash ishlarini tugallayapmiz. Texnik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, ushbu qoplama aholiga 5 yil davomida xizmat ko‘rsatishi kerak. “Yulduz”, “Katta ariq” mahallalarida 3 ta ko‘p-qavatli uy-joylardagi ma’nan eskirgan yoki yog‘och eshiklar o‘rniga 20 ta yangi temir eshiklar o‘rnatildi. Hozirda Orzu mahallasidagi ko‘p qavatli uylarga yana 12 ta temir eshiklar o‘rnatyapmiz. Bundan tashqari, hozirda jami 40 ga yaqin ko‘p qavatli uy-joylar joriy ta’mirlanmoqda. Bunda ichki oqova suv, sovuq suv trubalari almashtirilmoqda, kirish-chiqish yo‘laklari ta’mirlanyapti, elektr taqsimlash qismlarida ishlar bajarilmoqda. Bu boradagi ishlarimizni sentyabr oyi oxirigacha to‘liq yakunlashni mo‘ljallaganmiz.

O‘rganishlar davomida kamchiliklar ham aniqlandi. Bular yuzasidan boshqaruv organlariga tegishli ko‘rsatma va muddatlar belgilab berildi.