Nega mulkdorlar boshqaruv servis kompaniyalari xizmatidan norozi?

So‘nggi vaqtlarda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) yana muhokama mavzularidan biriga aylanmoqda. Bilamizki, ular faoliyatining asosi uylar va ko‘p qavatli binolarni boshqarish, yaxshi holatda saqlanishini ta’minlash, jumladan, texnik xizmat, sanitariya va boshqa kommunal xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

Biroq yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik ular faoliyatidan qoniqmaydi.

“Bugungi kunda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari (oldingi shirkatlar) xizmati sifatini qanday baholaysiz?” degan savol bilan o‘tkazilgan ushbu so‘rovnomada ishtirokchilarning 58 foizi “yaxshi emas” degan javobni belgiladi. Atigi 17 foiz qatnashchilar boshqaruv servis kompaniyalar ishini «qoniqarli» deb hisoblagan.

Shuningdek, ko‘plab o‘quvchilarimiz izohlarda BSKlar bo‘yicha o‘z fikrlarini qoldirgan. Ulardan ayrimlarini keltiramiz:

- Rasulov: Qorasuv massivi "Nur sharq tes"dan aholining asosiy qismi norozi.

- O‘ktam: Rudakiy ko‘chasi 105-uyda shirkat yo‘q.

- Zohid: Meni domimni 1 oydan buyon tozalamaydi. Samarqand shahar Bahor mahallasi.

- Murodjon: Qorasuv massivi "Nur sharqtes" o‘ta qoniqarsiz, 3 marta santexnik chaqirdim, bir marta ham kelmadi. Ularga to‘lovni naqdda qila ko‘rmang, kvitansiyani saqlab yurmasangiz, hech qachon tan olmaydi.

- Ra’no Umarova: Haqiqatdan ham tizim yo‘q umuman, vazifasi nimadan iborat ekanligini bilmaydi, peredoplata turganiga qaramasdan, qarzdor qilib keladi, 1 yil oldingi hisob-kitoblarni ko‘rsatib, bu tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak

Afsuski, biror bir o‘quvchining BSK haqida ijobiy munosabatini ko‘rmadik.

Samarqand shahridagi "Farovon qurilish kommunalchi" BSK xizmatidan foydalanuvchi mulkdorlardan biri biz bilan muloqotda yuqoridagi fikrlarni yana bir bor tasdiqladi: BSK tomonidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bajarilmagan, obodonlashtirish yo‘q, ta’mirlash ishlari mulkdorlarning o‘zlari tomonidan qilingan, ammo bu ishlarning sarf-xarajatlari BSK tomonidan qayta hisob-kitob qilinmagan va o‘rtada qarzdorlik paydo bo‘lgan.

Samarqand shahrida "Farovon qurilish kommunalchi" nomi ostida Boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati yuritadi. Lekin shaharda bu tashkilotni nazorat qiladigan, tartibga chaqiradigan hech kim yo‘q nazarimizda. Sababi, BSK rahbarlarining aytishicha, 2023 yil oxirida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi uylarni qo‘shib olgan. Shu vaqtda mulkdorlar yig‘ilishi o‘tkazilmagan, mulkdorlar bilan shartnoma tuzilmagan. Shu vaqtgacha biror marta mulkdorlar bilan hisobot yig‘ilishi o‘tkazilmagan. BSK aholiga hech qanday ma’lumot bermasdan, o‘z majburiyatlarini bajarmasdan, to‘lov qilishni so‘raydi. Agar BSK uyda biror bir ish qilsa, hech bo‘lmasa, atrofni supurib qo‘ysa, odamlar ikkilanmasdan to‘lov qiladi...” deydi mulkdor.

"Farovon qurilish kommunalchi" BSK vakillaridan izoh so‘raganimizda haqiqatan ham ayrim mulkdorlar xizmatdan rozi emasligi, tez orada umumiy yig‘ilishda barcha masalalar birgalikda muhokama qilib olinishini ma’lum qilishdi.

Yolg‘on bo‘lmasin, Samarqand shahridagi ayrim BSKlar faoliyatini o‘rganganimizda ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga ham guvoh bo‘ldik. Biroq ko‘p holatda BSKlar faoliyatidan norozilikka duch keldik.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi nazorat inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Himmat Boliqulov yuzaga kelayotgan muammolar, ularning sabablari, BSK va mulkdorlarning huquq va majburiyatlari haqida shunday deydi:

- Boshqaruv servis kompaniyalari 2022 yilda tashkil etilib, joylarda uy-joy mulkdorlari shirkatlari, ko‘p xonadonli uylarni umumlashtirgan holda xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda viloyatda 49 ta boshqaruv servis kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ular ichida ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganlari talaygina. Biroq hali sohani yaxshi anglamaydigan, sohada yetarlicha bilim va malakaga ega bo‘lmagan shaxslar ishlayotgan BSKlar ham uchramoqda. Bular bilan qo‘shimcha ishlash, tushuntirish olib borishni yo‘lga qo‘ydik. Ayrim hududlarda hozirda 17 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari ham faoliyat yuritib kelmoqda. Chunki avval boshdan ko‘rsatib qo‘yilgan: BSK tashkil etish ham shirkatlar ko‘rinishidagi xizmatni saqlab qolish ham bu aslida mulkdorlar ixtiyorida. Shunday ekan, mulkdorlarimiz bilishlari kerak — agar BSK xizmatidan ularning ko‘ngli to‘lmayaptimi, umumiy yig‘ilishda rahbariyatni o‘zgartirish, xizmat ko‘rsatishni qayta yo‘lga qo‘yish, BSKni boshqasiga almashtirish, shirkatlarga o‘tish, umuman, barcha masalani hal qilishlari mumkin. Hatto mulkdorlar kelishib, uyni o‘zlari boshqarib, xizmat ko‘rsatishlari ham mumkin.

Mutaxassisga ko‘ra, mulkdorlarning yagona vazifasi bu badal pullarini BSKlarga vaqtida to‘lab borish bo‘lsa, mazkur badal ham aynan mulkdorlar bilan umumiy yig‘ilishda, yillik xarajatlar hisob-kitob qilingan holda belgilanadi. Qaysidir holatda biror xonadon egasi o‘z hisobidan binoni ta’mirlasa, (masalan, bino tomini ta’mirlash) bu pul albatta, BSK bilan qayta hisoblanib, xonadonning badal pulidan olib tashlanishi kerak.

Maqolani tayyorlash jarayonida tushunganimiz shu bo‘ldiki, sohada juda ko‘p muammoni mulkdorlarning umumiy yig‘ilishlarida hal qilish mumkin. Agar BSKlar bu yig‘ilishni o‘tkazmayotgan bo‘lsa yoki «o‘tkazildi» deya rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bunga nazorat organlari aralashishlari va chora ko‘rishlari lozim. Bir narsa aniq: BSKlar mulkdorlar boshiga majburiy tayinlangan rahbarlar emas, aksincha, ular mulkdorlarning xohish-istaklarini ifodalaydigan va umumiy yig‘ilishlarda rahbar saylanadigan tashkilot. Mana shu haqiqatni mulkdorlar ham va ayniqsa, BSKlar ham to‘la tushunganida yuqoridagi muammolar yuzaga kelmasdi.

Anvar MUSTAFOQULOV.