Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasida binoning tayanch ustuni buzib tashlangani aniqlandi
Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahar Hunarmandlar mahallasi, Spitamen shohko‘chasidagi 167-sonli ko‘p qavatli uyning mulkdori binoning yerto‘la qismidagi tayanch konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda buzganligi aniqlangan.
Boshqa holatda esa Samarqand shahar Mirzo Bedil ko‘chasidagi 18-sonli ko‘p qavatli uy-joyning mulkdori ham uyning yerto‘la qismidagi tayanch konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda buzgani ma’lum bo‘lgan.
Inspeksiya xodimlari tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan va majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
“Majburiy ko‘rsatmada berilgan vaqt ichida huquqbuzarlar holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa ularga nisbatan tegishli hujjatlar to‘planib, majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga davo arizasi kiritilishi tushuntirildi”, deyiladi inspeksiya xabarida.