Fuqaro va mas’ullar o‘rtasida sarson bo‘lgan 101-shartnoma

Men og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotganligim, uy-joyga muhtojligim tufayli hokimliklar, turli vakolatli idoralarga shu masalada yordam so‘rab murojaat qilgandim. Nihoyat 2022 yilda menga Urgut tumani hokimligi subsidiya asosida uy-joy olishim uchun 1718/236-164127-sonli xabarnoma berdi va «Uy-joy bitgandan so‘ng o‘zimiz sizni chaqiramiz», deyishdi.

Ular chaqirmagach, sentyabr oyida o‘zim borsam, «Dunyo qurilish stroy» MChJga borib uchrashishimni aytishdi. Qurilish korxonasi mas’ullari pastki qavatlar sotib bo‘linganligi, yuqori qavatlar birmuncha arzonroqligi va o‘sha qavatlardan uy borligini aytishdi. Nachora, yuqori qavat bo‘lsa ham uy dedim-da, ular bilan 2022 yil 26 sentyabrda xonadon uchun dastlabki 101-shartnomani tuzdik.

Ular qurilish-montaj ishlari tugagandan so‘ng chaqirishini aytishdi, men kelishuv asosida 14 million so‘m dastlabki badalni to‘ladim. Lekin quruvchilar so‘zida turmadi. Uy bitgach, boshqa kishiga sotish payiga tushdi. Qurilish korxonasi mas’ullari 2023 yil 20 avgustda meni chaqirib, «Sizga endi qurilishi boshlanayotgan boshqa uydan beramiz, 101-shartnomani buzamiz», deyishdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimiga, Prezident ishonch telefoniga murojaat qildim. Murojaatimga 2023 yil 15 sentyabrda Urgut tumani hokimligidan kelgan javob xatida dastlabki shartnoma o‘z kuchida qolganligi va kelishilgan narxda o‘sha uyni olishim bildirilgan. «Dunyo qurilish stroy» MChJ direktori A.Ochilovning javob xatida men bilan 8-qavatdagi 47-xonadon bo‘yicha shartnoma tuzilganligi va hujjat o‘z kuchida ekanligi, xonadonda montaj va pardozlash ishlari yakunlangach, ko‘chib kirishim mumkinligi qayd etilgan.

Vaqt o‘tib, uy ham bitdi, pardozlash ishlari ham yakunlandi. Ammo qurilish korxonasi rahbarlari va tuman hokimligi qurilish mas’ullari 101-shartnomani bekor qilishyapti.

O‘zi ikki yildan buyon uy-joy muammosi tugamayapti. Quruvchi, hatto hokimlik bergan va’da, yuqoriga jo‘natgan ma’lumotlariga ham ishonib bo‘lmay qoldi. Men yana kimga murojaat qilishim kerak? Uyni yana qancha kutaman?

Zulayho Shomurodova,
Urgut tumani So‘fiyon mahallasi.