«Shirin» kompleksi barpo etilishi uchun 716 ta ob’yekt «snos» qilinadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining Qarori
Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risida
«Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 iyuldagi “Samarqand shahrida «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-233-son qaroriga asosan Samarqand shahri «Shirin» massivi hududida 2023-2030 yillarda «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi barpo etilishi va obodonlashtirish munosabati bilan hududda joylashgan 716 ta (turar va noturar joy) mulkdorlaridan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan tayyorlangan taqdimot materiallarini ko‘rib chiqib, xalq deputatlari viloyat Kengashining oltinchi chaqiriq, yuzinchi sessiyasi QAROR QILADI:
- «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi barpo etilishi va obodonlashtirish munosabati bilan 716 ta ob’yektlar mulkdorlaridan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yuzasidan tayyorlangan taqdimot materiallari ma’qullansin.
- Viloyat hokimining o‘rinbosarlari (F.Abilov, A.Shukurov) va Oqdaryo tumani hokimligi (Sh.Qudratov) «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi barpo etilishi va obodonlashtirish munosabati bilan ilovaga muvofiq mazkur hududlarda joylashgan mulk egalari bilan «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida ochiq muhokamalar o‘tkazishga rozilik berilsin.
- Viloyat hokimining o‘rinbosarlari (F.Abilov, A.Shukurov), Oqdaryo tumani hokimligi (Sh.Qudratov)ga «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga qat’iy rioya etish vazifalari yuklatilsin.
- Viloyat hokimligi Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shu’basi (N.Qudratov) ushbu qarorni hokimlikning rasmiy saytida, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlasin.
- Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (O‘.Saidmurodov) va viloyat hokimining o‘rinbosari (A.Shukurov) zimmasiga yuklansin.
Sessiya raisi S.Usmonov
2024 yil, 2 iyul
***
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yuzinchi sessiyasi Qarori ilovasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.