Samarqandda osoyishtalikka mas’ullar taqdirlandi

Samarqand shahridagi Registon maydonida o‘ziga biriktirilgan mahalla hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda alohida o‘rnak ko‘rsatgan profilaktika inspektorlari, mahalla faollarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda 484 nafar profilaktika inspektori, 60 nafar mahalla raislari, profilaktika inspektorlarining yordamchilari Huquqbuzarliklar profilaktikasi jamg‘armasi hisobidan  pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

- Xalqimiz “Mahalla tinch – yurt tinch”, degan iborani bejiz aytmaydi, - deydi Paxtachi tumanidagi Chashma mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Muzaffar Isoqulov. – 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan hududimizda o‘tgan yil hamda joriy yilning shu davrigacha jinoyat sodir etilmadi. Bu davlatimiz tomonidan jamoat tartibini saqlashning samarali tizimi yaratilgani, osoyishtalikni ta’minlash borasida fuqarolar yig‘ini faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar samarasi, deb o‘ylayman.

Marosimda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, ichki ishlar idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari va mukofot sohiblarining yaqinlari ishtirok etdi.

Abdug‘ofur SHERXOLOV.