Jinoyatchilikning oldini olishda profilaktika inspektorining o‘rni qanday?

Payariq tumani Xosa mahallasi ayni paytda jinoyatchilik bo‘yicha «yashil» toifadagi hudud hisoblanadi. Bunda, albatta, profilaktika inspektori tomonidan mahalla faollari va yoshlar hamkorligida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlarning ahamiyati katta.

- Uch yildan beri shu hududda faoliyat olib boraman, - deydi Obid Salimov. -  Mahallamiz 2021 yilda ikkita jinoyat sodir etilgani uchun «sariq» toifada, 2022 yilda esa jinoyatlar bittaga ko‘paygani sababli «qizil» toifada edi. Bundan xulosa chiqarib, jinoyatlar sabablarini o‘rgandik. «Kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olgan yaxshi», degan naqlga amal qilib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirdik. Jinoyatchilikning oldini olish bir kishining ishi emas. Agar profilaktika inspektoriga mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar yaqindan yordam bermas ekan, natijaga erishib bo‘lmaydi.

U bugungi kunda profilaktika inspektorlariga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnun.

- Mahalla osoyishtaligi yo‘lida sidqidildan ishlash uchun yetarli sharoit bor, - deydi O.Salimov. – Boshqa hududdan kelib faoliyat yuritayotganim uchun xizmat uyi bilan ta’minlanganman. Bu yerda oilam bilan yashayman. Farzandlarim ham shu mahalladagi ta’lim muassasalariga qatnaydi.

Mahalladagi shijoatli yigitlardan iborat «Qalqon» guruhlari tashkil etilgan. Ular kechayu kunduz profilaktika inspektoriga yaqin ko‘makdosh.

- Yoshlar bilan do‘stlashishga, ular bilan xushmuomala bo‘lishga intilaman, - deydi qahramonimiz. - Sababi, jinoyatchilikning oldini olishda ular katta kuch hisoblanadi. Bolaligida sho‘x bo‘lib, yetarlicha ta’lim-tarbiya ololmay, bugungi kunda o‘z hayot yo‘lini topishda qiynalayotgan, jinoyatchilikka moyilligi bor yoshlar bilan ko‘proq ishlayman. Ularni ertangi kunga ishonch bilan yashashga chaqiraman, birgalikda sport mashg‘ulotlarida qatnashaman.

Obid Salimov o‘zi faoliyat olib borayotgan Xosa, shuningdek, Boshqo‘rg‘on va Boshcho‘rosh mahallalarini o‘z ichiga olgan ma’muriy hududda profilaktika katta inspektori hisoblanadi. Qo‘shni mahallalardagi hamkasblari bilan ham hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ygan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).