Samarqandda pensiya oluvchilar salkam 430 ming kishini tashkil qiladi

Ularga sentyabr oyidan boshlab oshirilgan miqdorda pensiya pullari tarqatiladi.

2024 yil 12 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2024 yilning 1 sentyabridan boshlab, pensiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilishi belgilandi.

Bunda:

- pensiyani xisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 ming so‘m,

- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 ming so‘m,

- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 ming so‘m etib belgilandi.

Shu bilan birga:

- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining  eng kam miqdori - oyiga 920 ming so‘m,

- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 920 ming so‘m,

- 1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 4 million 56 ming so‘m,

- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan ( 834 ming so‘mdan) 920 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori - oyiga 920 ming so‘m.

- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori - oyiga 745 ming so‘m,

- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 745 ming so‘m,

- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha nogiron bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 745 ming so‘m,

- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 745 ming  so‘m etib belgilanib, keyingi har bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 244 ming so‘mdan qo‘shiladigan bo‘ldi.

- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 745 ming so‘m etib va keyingi har bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – amaldagi tartibga muvofiq pensiya hisoblanishi va to‘lanishi belgilandi.

Viloyat pensiya jamg‘armasi hisobida bugungi kunda jami pensiya oluvchilar soni 429 628 kishini tashkil qiladi. Shundan:

- yoshga doir pensiya oluvchilar soni - 362353 nafar,

- nogironlik pensiyasi oluvchilar soni - 41962 nafar,

- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilar soni – 25313 nafar.

Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlarida ushbu Farmonning ijrosini ta’minlashga kirishildi, barcha tayyorgarliklar ko‘rilmoqda va joriy yilning sentyabr oyida yuqorida keltirilgan toifadagi barcha fuqarolarga  oshirilgan miqdordagi pensiya pullarini olishlari kafolatlanadi.

Abdurashid Rahimov,

Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi shu’basi rahbari.