Endi pensiya uchun hujjat to‘plamaysiz
Bugungi kunda viloyatimizda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hisobidan 492 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz pensiya va nafaqa oladi. Yilning o‘tgan davrida 38 442 nafar fuqaroga yangidan pensiya va ijtimoiy nafaqalar tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 oktyabrdagi “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan 2024 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiya tayinlashda qo‘shimcha qulaylik va imtiyozlar yaratilmoqda. Ya’ni:
– fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish huquqi beriladi;
– fuqarolarga davlat pensiyalari tayinlangandan so‘ng ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varaqlaridagi mablag‘larini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki aksiyadorlik tijorat Xalq bankining mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratiladi.
2025 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga yoshga doir pensiyalarini “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etilmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Yoshga doir ushbu pensiyalar Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartib va me’yorlarga muvofiq hisoblanadi va tayinlanadi.
Masalan, fuqaro Eshmamatov Toshmurot 1965 yil 15 martda tug‘ilgan, tashkilotda ishlab turibdi. 2025 yil 15 martda pensiya yoshiga, ya’ni 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan undan alohida murojaat, hech qanday hujjat talab etilmasdan proaktiv shaklda pensiya tayinlanadi.
Ushbu qaror bilan fuqarolarimizga juda katta yengillik yaratildi. Ya’ni, endi ular ish stajini tasdiqlovchi mehnat daftarchasi yoki boshqa hujjatlarni izlab ovora bo‘lmaydi.
Abdurashid Rahimov,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi shu’ba rahbari.