O‘z vaqtida olinmagan pensiya pulini to‘lash tartibi qanday?

Pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin u tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi oydan oshmagan davr uchun to‘lanadi.

Pensiyani tayinlovchi yoki to‘lovchi organning aybi bilan o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o‘tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to‘lanadi.

Agarda fuqaro o‘z shaxsiy ishlari bilan xorijga chiqib ketgan taqdirda, belgilangan pensiyani olish uchun o‘zi ishonchli deb bilgan insonga “ishonchnoma” berganidan va uni notariusdan tasdiqlatganidan so‘ng (notarius ishonchnomani 3 yilga muddat bilan tasdiqlab beradi) pensiyani to‘liq olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda, fuqaro har 12 oyda unga pensiyani tayinlagan tuman yoki shahar Pensiya jamg‘armasiga fuqarolik pasporti bilan borib, ishonchnoma orqali pensiyani davom ettirishga rozilik olishi zarur. Lekin fuqaro tomonidan ushbu muddat mobaynida Pensiya jamg‘armasiga murojaat etilmasa, pensiyani tayinlagan organ tomonidan pensiyani to‘lash to‘xtatiladi.

Eslatma: 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.