Endi pensiya tayinlash uchun onlayn ariza berish mumkin
Endilikda pensiya yoshiga yetgan fuqarolar ularga pensiya tayinlanishi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali (onlayn) murojaat qilishlari mumkin.
Onlayn xizmatdan foydalanish imkoniyatlari bo‘lmagan fuqarolar qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda pensiya tayinlash uchun murojaat qilishlari mumkin.
Shuningdek, fuqarolar pensiya tayinlashni so‘rab Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga murojaat qilish huquqlari ham saqlanib qolinmoqda.
Mazkur xizmatdan ushbu havola orqali foydalanish mumkin.
Shu o‘rinda yana bir gap. Xo‘sh, pensiyaga chiqish uchun qanday tayyorgarlik ko‘riladi?
Bugungi kunda ko‘pchilik o‘z kelajagiga e’tiborsiz qarab, pensiyaga chiqish vaqti kelganda afsuslanib qolishi holatlari uchramoqda. Bu fuqaroning ish staji yetishmasligi, oylik maosh miqdorlarining kamligi va hokazolar bilan bog‘liq. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi pensiyaga chiqish vaqti yaqinlashayotgan fuqarolar uchun muhim eslatmalarni berdi.
Unga ko‘ra, har bir fuqaro pensiyasini rejalashtirishi kerak. Ayni jarayon moliyaviy rejalashtirishning asosiy jihati hisoblanadi.
Buning uchun, birinchi navbatda, fuqarolar doimiy ish stajiga ega bo‘lish uchun rasmiy daromad keltiradigan korxona, tashkilot yoki muassasalarda mehnat shartnomasiga asosan faoliyat yuritishi kerak.
Ikkinchidan, norasmiy ravishda mehnat faoliyati yuritayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan holda muntazam ravishda ijtimoiy soliqlarni to‘lash orqali ish stajiga ega bo‘lib borishi lozim.
Uchinchidan, pensiya qonunchiligiga oid ma’lumotlar bilan tanishib borish, kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan xabardor bo‘lib borish zarur.
To‘rtinchidan, rasmiy ravishda olayotgan ish haqiga e’tibor qaratish kerak. Bunda, pensiya yoshiga yetgunga qadar oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi oylik ish haqlaridan pensiya hisoblanadi.
Beshinchidan, raqamlashtirish davrida yashayotganligimizni hisobga olib, fuqarolar o‘z ish beruvchilaridan o‘zining ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni talab qilishi, mehnat faoliyati yuritmayotgan fuqarolar esa bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchalaridagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishi lozim. Bunda, kiritilgan ma’lumotlarni ONE-ID orqali tekshirish mumkin.
Fuqarolar o‘z mehnat faoliyatlarini yuqoridagi ma’lumotlar asosida olib borgan taqdirda pensiya yoshida muammolar yuzaga kelmaydi hamda davlat tomonidan moliyaviy ta’minlangan keksalik kafolatlanadi.