Vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirildi

Samarqand viloyat Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hisobidan bugungi kunda 428 mingdan ortiq pensiya oluvchi bor. Shundan 361299 nafar yoshga doir pensiya, 41603 nafar nogironlik pensiyasi, 25217 nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarni tashkil qiladi.

2024 yilning 6 oyi davomida boshqarmamizga viloyat bo‘yicha 526 nafar murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqildi va belgilangan tartibda yozma javoblar yuborildi. 2024 yilning 6 oylik yakunlari bilan 346 marta sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar tashkil qilingan.

Shu o‘rinda bir yangilik: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 fevraldagi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan.

Ushbu Farmonning 4-bandida “Fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilsin”, deb belgilab qo‘yildi.

Misol uchun, fuqaro salomatligini tiklash masalasida Turkiya davlatiga ketdi, pensiya pullarini olib turish uchun ishonchli vakilga ishonchnoma qoldirdi. Fuqaro 2 yil-u 10 oy O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelolmadi va uning ishonchli vakili bir yilga qoldirilgan ishonchnoma orqali uni pensiya pullarini olgan xamda keyingi ishonchnoma bo‘lmaganligi sababli pensiya puli to‘xtatib qo‘yilgan va 1 yilu 10 oylik pensiya puli olinmasdan qolgan.

Fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelib, olinmay qolgan pullarini to‘lashni so‘rab murojaat qilganda, unga 1 yil-u 10 oy (24 oyga yetmagan) pensiya pullari to‘lab beriladi. Ilgari amalda bo‘lgan qoidaga ko‘ra, unga 12 oylik pensiya puli to‘lab berilar edi.

A.Ne’matov,

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.