Samarqandda portlash oqibatida 7 ta transport vositasi yonib ketdi
Bugun, 20 noyabr kuni suyultirilgan gaz tashishga mo‘ljallangan avtomobilning yonib, portlashi oqibatida yaqin atrofdagi bir nechta transport vositalari ham yonib ketdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Bugun soat taxminan 03:30 larda Samarqand viloyati Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand-G‘uzor” A-378 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida joylashgan “Timur GAZ” MChJga tegishli avtomashinalar turargohida harakatsiz turgan, suyultirilgan gaz tashishga mo‘ljallangan “MAN” rusumli yuk avtomashinasida noma’lum sabablarga ko‘ra, yong‘in kelib chiqib, yukxonaga o‘tgan va avtomashinadagi suyultirilgan gaz portlagan. Oqibatda ushbu avtoturargohda turgan, suyultirilgan gaz tashish uchun mo‘ljallangan 2 ta “MAN” va 1 ta “ZiL” rusumli avtomashinalar hamda “DAF” va “ZiL” rusumli yuk avtomashinalari, shuningdek, “Hyundai” rusumli ekskavator yonib ketgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi, FVV xodimlari va tez tibbiy yordam avtomashinalari jalb qilingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchilarning bir nafari tan jarohati olib shifoxonaga murojaat etgan.