Portlash sodir bo‘lgan binodan aholi ko‘chirilmoqda, uy buziladimi?
Eslatib o‘tamiz, 9 sentyabr kuni Samarqand shahri Beruniy ko‘chasidagi 9 qavatli binolardan birida kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Uning oqibatida bir nafar fuqaro kuchli kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi, binodagi boshqa xonadonlar ham talofat ko‘rdi. Shu kunlarda mazkur ko‘p qavatli bino buzilib, o‘rniga yangisi qurib berilishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorovdan voqea joyida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot olishga harakat qildik.
Unga ko‘ra, birlamchi tahlillar portlash tabiiy gaz va havo aralashmasi chaqnashi oqibatida sodir bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Og‘ir kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan fuqaroning ahvolida o‘zgarish yo‘q. O‘tgan vaqtda mazkur ko‘p qavatli binoda istiqomat qiluvchi yana 8 nafar fuqaro turli shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Yulduz mahallasida viloyat hokimligi tomonidan portlash oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha maxsus shtab tuzilgan. Ayni damda mutaxassislar binoga yetkazilgan zarar ko‘lamini o‘rganishmoqda. Uni buzish bo‘yicha yakuniy qaror tegishli xulosalar chiqarilganidan keyin qabul qilinadi.
Shunga qaramay, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida binodagi aholi ko‘chirilmoqda. Buning uchun Qorasuv massividan shahar hokimligi balansida bo‘lgan ko‘p qavatli bino ajratilgan. Fuqarolarning xohishiga ko‘ra, ular qarindoshlarinikiga ko‘chirilishi ham ta’minlanmoqda. Ko‘chirish tadbirlariga favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralarning kuch va vositalari jalb qilingan.