Samarqandda “UzAutoTrailer” kompaniyasi “KAMAZ” bilan hamkorlikda yangi yig‘uv liniyasini ishga tushirdi

26 noyabr kuni Samarqanddagi “UzAuto Trailer” kompaniyasi Rossiyaning “KAMAZ” ishlab chiqarish aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda yangi – “KAMAZ” avtomobillarining shassisini yig‘ish liniyasini rasman ishga tushirdi.

Tantanali marosim Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonovning mamlakatimizga ishchi tashrifi doirasida o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixonov O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etib, mazkur loyiha ana shu aloqalar mahsuli ekanligini ta’kidladi.

Yangi yig‘uv liniyasi umumiy maydoni 7,4 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi ishlab chiqarish korpusida tashkil etilgan. Liniya zamonaviy texnologik va yordamchi jihozlar bilan ta’minlangan, ular yiliga 3 000 donadan ortiq yuk mashinalarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Korpusda shuningdek, gaz-ballon jihozi ishlab chiqarish va “KAMAZ” shassisiga o‘rnatish uchastkasi ham tashkil etilgan.