Samarqandda “Xorijiy mamlakatlar kino kunlari” o‘tkazilmoqda

Bugun Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Xorijiy mamlakatlar kino kunlari”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kinofestival ochilishida respublikamiz va belaruslik taniqli aktyor, prodyuser va rejissyorlar tashrif buyurdi va Belarus kinoijodkorlarining “O‘yinchi taqdiri” (“Pravila geymera”), “Prantish Virvichning sarguzashtlari” (“Avantyuri Parantisha Virvicha”), “Qo‘poruvchi taqdiri” (“Sudba Diversanta”) filmlari namoyish etildi. 

Ayniqsa, mashhur rejissyor va prodyuser Dmitriy Astraxan tomonidan suratga olingan “Qo‘poruvchi taqdiri” (“Sudba Diversanta”) filmi tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. 

- Film Ikkinchi jahon urushidagi quriqlikda olib borilgan eng yirik qo‘poruvchilik operatsiyasi haqida, - deydi rejissyor. – Bu davrda nemis bosqinlariga qarshi kurashgan sovet askarlarining qahramonliklari filmning asosiy mazmunini tashkil etadi. Filmni suratga olishda arxiv ma’lumotlaridan ham foydalanib, qahramonlar obrazini yaratdik, o‘ylaymanki, film sizlarga yoqadi.

Shuningdek, kinofestivalda “Belarusfilm” kinostudiyasi ishtirokida rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan, urushda beshta o‘g‘lidan judo bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiluvchi “Ilhaq” kinofilmining harbiy epizodlari Belarus Respublikasida suratga olingani qayd etildi.

 Kinofestival doirasida Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida “Eigi Kona”, “Ship of Theseus” filmlari va “Family Park” savdo-ko‘ngilochar markazidagi kinoteatrda “Konik-gorbunok”, “Mayor grom” filmlari tomoshabinlarga taqdim etildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i Botir Nurullayev ishtirok etib, aktyor, prodyuser, kinokartina ijodkorlari va qatnashchilarni tabrikladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.