Samarqanddagi Ashratxona maqbarasini ispaniyaliklar mehmonxonaga aylantiradimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “badavlat ispaniyaliklar, ya’ni “Paradores de turismo de Espana” kelgusida mehmonxonaga aylantirish maqsadida Samarqanddagi qadimiy Ashratxona maqbarasiga da’vogarlik qilayotgani” haqidagi xabarlar tarqaldi.
Ushbu tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy bayonot berdi.
Keltirilishicha, «Paradores» mehmonxonalar tarmog‘i tijoriy direktori X.Kampos va uning yordamchisi M.Sotos mamlakatga investor emas, mehmonxonalar faoliyatini, ayniqsa, tarixiy binolarda mehmonxona xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha katta tajribaga ega ekspertlar sifatida taklif etilgan. Shuningdek, ular tomonidan hech qanday investitsion taklif bo‘lmagan.
X.Kampos Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari bilan uchrashuv chog‘ida Ashratxona va Toshsaroyni «Paradores» modeli bo‘yicha mehmonxonalar yaratish uchun salohiyatga ega arxitektura yodgorliklari sifatida qayd etgan. Ispaniya kompaniyasi tajribasidan foydalanib, «Paradores» modeliga muvofiq keluvchi mehmonxonalarni yaratishga doir loyihalar ishlab chiqilgan taqdirda Qo‘mita tomonidan aniq ma’lumot taqdim etiladi.