Mahmudxo‘ja Behbudiy qadami yetgan manzil yo‘qolib ketadimi?
Samarqand viloyatida 130 ta madaniy meros ob’yekti yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Xususan, Toyloq tumanidagi 71 ta arxeologiya va arxitektura moddiy madaniy meros ob’yektidan 17 tasining holati qoniqarli, 51 tasi qoniqarsiz, 3 tasi esa avariya holatida.
Jumladan, Baxshitepa mahallasidagi XIX-XX asrlarga tegishli “Baxshitepa” masjidi muhofazaga muhtoj.
Oldin bu joylarda tepaliklar ko‘p bo‘lgani va baxshilar yashab o‘tgani haqida ota-bobolarmizdan ko‘p eshitganmiz, - deydi Baxshitepa mahallasi raisi Xursand Isrofilova. – Baxshitepa nomi ham aynan shundan kelib chiqqan. O‘zim shu mahallaga 2013 yildan buyon raislik qilaman. Bu yerda taniqli ma’rifatparvar, dramaturg, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan va o‘sha yillarda “Baxshitepa” jome masjidi qurilgan. Aytishlaricha, o‘sha davrda Mahmudxo‘ja Behbudiyning otaci bu masjidga imom bo‘lgan. Keyinchalik Behbudiy ham savod chiqargan va diniy ta’lim olish uchun shu masjidga kelib turgan.
Afsuski, Behbudiy qadami yetgan masjid hozir avariya holatida turibdi va undan foydalanilmaydi. Ob’yektning tom, fasad qismlari ta’mirtalab holatga kelib qolgan, bino tez fursatda muhofazaga olinmasa, uning qolgan qismiga ham jiddiy zarar yetishi mumkin. Bundan besh-olti yil oldin masjid madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilib, ta’mirlanishi aytilgan edi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa ham hech qanday amaliy ish qilinmadi.
O‘zbek dramaturgiyasining asoschisi, XX asrning boshlaridagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining yirik namoyandasi va jadidchilik harakatining rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiyni bugun ko‘plab dunyo olimlari tan olyapti, ijodini tadqiq qilyapti. Nahotki, biz buyuk ma’rifatparvar bobomiz yashab o‘tgan, uning qadami yetgan manzilni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkaza olmayapmiz.
Xalqimiz tarixi, ma’naviy qadriyatlari va buyuk bobolarimiz qoldirgan merosga befarq bo‘lmagan holda XIX-XX asrlarga oid “Baxshitepa”, shuningdek, tumanda avariya holatida turgan “Xo‘ja Orif” hamda “Gadoy Qushchi” masjidlari ham muhofazaga olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.