Navoiy qadami yetgan Dari-zanjir majmuasi qayta tiklandi
![](https://static.zarnews.uz/crop/5/2/720__80_524c76ee4a2de90d183f437c6054598e.jpg?img=self&v=1738738916)
O‘tgan yil fevral oyida gazeta va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda “Samarqand shahridagi Dari-zanjir madaniy merosi asrab qolinadimi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Maqolada temuriylar makon tutgan, jumladan, Alisher Navoiy qadami yetgan maskan xarobaga aylangani, yodgorlik muhofozaga olinmasa, yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida yozgandik.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimovning ta’kidlashicha, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan mazkur ob’yektining umumiy maydoni 70,13 kvadrat metr bo‘lib, majmua o‘tgan yil to‘liq muhofazaga olingan va restavratsiya ishlari olib borilgan.
– O‘tgan yil Samarqandda 20 ta madaniy meros ob’yektida ta’mirlash-tiklash ishlari boshlangan, – deydi Z.Nasimov. – Shundan beshta inshootda ishlar to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, Samarqand shahridagi Dari-zanjir yodgorligining ustini yopish va tashqi qismini restavratsiya qilish ishlariga 415 million so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni paytda ob’yektning ichki qismida restavratsiya va konservatsiya ishlari davom etmoqda va tez orada majmua e’tiborli tarixiy maskanlardan biriga aylantiriladi.
– Dari-zanjir turizm mahallasi maqomini olgan, – deydi uch yildan beri shu mahallaga raislik qilayotgan Homid Xodjayev. – Mahallamizda 30 ga yaqin mehmonxona va uchta madaniy meros ob’yekti bor. Esimni tanigandan beri mahalla binosi ro‘parasida joylashgan Dari-zanjir madaniy meros ob’yekti yo‘qolib ketish xavfi ostida edi. Yodgorlik qayta tiklanib, hududda sayyohlar tashrif buyuradigan diqqatga sazovor joylarimiz yana bittaga ko‘paydi. Muhimi, temuriylar qadami yetgan, ota-bobolarimizdan meros tarixiy ob’yekt saqlab qolindi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.