Muborak qadamjo madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi
Past Darg‘om tumanida aziz qadamjolar ko‘p. Ammo bu muqaddas joylarni aniqlash, ushbu madaniy meros haqida aniq manbalarga asoslanib, ma’lumotlar topish va xalqqa yetkazish katta mas’uliyatli ish sanaladi.
Yaqinda tumandagi «Oshiq ota» ziyoratgohi ancha «yelib-yugurish»lar natijasida madaniy meroslar ob’yekti ro‘yxatiga kiritildi.
Bu ezgu ishda tumandagi 28-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Akmal Hamroyev hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muzaffara Abdiyevaning hissasini alohida ta’kidlash joiz.
Toshlarga bitilgan tarixni o‘rganish, ulardagi tilsim sehrini kimgadir, kimlargadir yetkazish uchun jasorat, qunt, sabr, muhimi, qiziqish kerak. Bu borada tajribali tarixshunosga aylangan A.Hamroyevning o‘zi bilan bu borada suhbatlashdik.
- Tarixga qiziqishim bolaligimdan boshlangan, - deydi Akmaljon. Bunda bobom Murodulla Norovning hissasi katta bo‘lgan. Qolaversa, onam ham ziyoli. Tarix tilsimlarini ochish uchun “ish”ni tumanimizdagi «Oshiq ota» nomi bilan tanilgan zotga doir tarixni o‘rganishdan boshladim. U kishining «Devoni Oshiq» nomli kitobini arxivdan topib, tarjima qildirdim va tumanimizda ommaga taqdim qilishga erishdim. Chunki ko‘pchilik tumandoshlarimiz “Oshiq ota” ziyoratgohiga borishsa-da, u kishining o‘tmishi va hayot yo‘li xususida to‘lig‘icha bilmaydi. So‘ng ziyoratgohda bir necha hali o‘rganilmagan tabarruk zotlarning qabrtoshlari mavjudligi, uning tarixi bir necha 100 yillarga borib taqalishi, ushbu qadamjoda ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borilishi zarurligini angladim. Shuning uchun kelajak avlodga mazkur merosni qadrlash, bu orqali ular shuuriga madaniy merosimiz ahamiyatini singdirish lozimligi xususida Qonunchilik palatasi deputati M.Abdiyevaga murojaat bilan chiqdim. Natijada «Oshiq ota» ziyoratgohi madaniy meros ob’yekti ro‘yxatiga kiritilib, 2023 yilda davlat byudjetiga ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan ushbu qadamjoda ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirildi.
- Sizni toshlarga bitilgan «tarix»ni o‘qiy olishda ham usta, deyishadi...
- Aytaylik, bir qabrtosh. U kim uchundir tilsimga to‘la, kim uchundir oddiy toshdek ko‘rinadi. Endi tasavvur qiling, bitiklarning tarixga muhrlanishida sangtaroshning sabriyu mehnatini. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, toshlarga sura, oyat, marsiyalar tushirilgan. Qolaversa, katta qabrtoshlari odatda amirlar, shahzodalar, xon yaqinlari, jamiyat va tariqat arboblariga qo‘yilib, ularga marsiyalardan tashqari shajaralar, nasabnomalarni ham tushirishgan. Bu o‘ta muhim manba emasmi tarix uchun. Boshqacha aytganda, toshlarga bitilgan tariximiz ham madaniy meros. Ammo ming afsuski, yaqin o‘tmishgacha respublikamiz sarhadlaridagi, ayniqsa, olis tuman qishloqlardagi qabrtoshlariga hurmat va ehtirom bajo keltirilmas edi. Ayrim hududlarda qabrtoshlar inshoot poydevorlari va boshqa joylarga bezak sifatida olib ketilgan. Agar qabr toshlaridagi madaniy merosimiz, hattotlik va sangtaroshlik san’ati mahsuli bo‘lmish toshlardagi yozuvlarga ehtiromni qayta tiklasak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Bilasizmi, ba’zida “O‘qituvchi bo‘lsang, o‘quvchilarga darsingni berib yuravermaysanmi? Doim allaqanday yozuvlarni «titkilash» bilan ovorasan”, degan gaplarni ham eshitib qolaman. Lekin ona zamin tarixi, ayniqsa, inson o‘zi yashayotgan tumanda yashab o‘tgan allomalar, muqaddas zotlar tarixi, ularning qabrtoshlariga bitilgan aziz fikrlarni kimgadir, kimlargadir yetkazish ham savob emasmi? Ayniqsa, meni bu borada qo‘llab-quvvatlagan Islom sivilizatsiyasi katta ilmiy xodimi Nasriddin Mirzayev, Komilxon Kattayev, deputat Muzaffara Abdiyeva, viloyat madaniy meros va arxeologiya boshqarmasi mutaxassislaridan minnatdorman. Chunki tumanda nafaqat “Oshiq ota” ziyoratgohi, balki Tozqulton, Katta Nayman, Oq oltin mahallalari, qolaversa, Gumbaz qishlog‘idagi “Najmiddin ota” qabristoni, O‘tarchidagi “Ko‘ktosh ota” ziyoratgohidagi qabrtosh bitiklarini o‘rganishda ikki zabardast olim - Bobur Aminov hamda Fayzxo‘ja Mahmudovlar ham yaqindan ko‘mak berishdi.
Darhaqiqat, tarix - hayot, tarix – haqiqat, tarix - kelajakka yo‘l. Uning bag‘ri tilsimga to‘la. Kelajak avlodga bu tilsim sehrini, qadrini to‘lig‘icha anglatmoq uchun esa bugunimiz mas’uliyatli bo‘lmog‘i darkor. “Oshiq ota”, ya’ni XI-XII asrlarda yashab, ijod qilgan hazrati mavlono Mir Ne’matulloh ulug‘ avliyolardan bo‘lib, boy ijod va karomat sohibi bo‘lgan. So‘zimiz so‘nggida ajdodimizning ijod namunasi bo‘lgan «Devoni Oshiq» asari tarjimasidan misollar keltirishni lozim topdik: «Ey Robbim, turli kulfatlarning zararidan bizning ko‘ksimizni poklagin, ishq nuri bilan bizning gina-kuduratsiz qalbimizga sayqal bergin...», «Bizning qalb ko‘zimizga rozi dillarimiz sabab tajalliy bergin».
Guljahon Mardonova.