Bibixonim qabrini nega ochishgan?
Samarqanddagi Amir Temur (Bibixonim) masjidi ro‘parasidagi yana bir tabarruk maskan - Bibixonim maqbarasi Sobihqironning go‘zallik, vafo va sadoqatda tengi yo‘q zavjasi Bibixonimning xoki bilan birga o‘z bag‘rida ne-ne sir-sinoatlarni, turfa voqea-hodisalarni yashirib yotibdi.
Bir paytlar 27 davlatni o‘ziga bo‘ysundirgan, Movarounnahrni dunyo tarixidagi eng qudratli saltanatga aylantira olgan, hech kimga bo‘yin egmagan ulug‘ sohibqiron qalb mulkini mana shu moviy gumbaz ostida mangu uyquga cho‘mgan sohibjamol malikaga topshirgan, malika ham butun umrini, hayotini o‘z xojasiga – buyuk sarkardaga baxsh etgandi.
Xalq o‘rtasida Bibixonim nomi bilan mashhur bo‘lgan malikaning asli ismi Saroymulkxonim edi. Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlayi sa’dayn va majmayi bahrayn» asarida yozilishicha, Saroymulkxonim mo‘g‘ul xoni Qozonxonning qizi bo‘lib, besh yoshida otasidan yetim qolgan.
Tarixdan ma’lumki, turkiy hukmdorlar Chingizxon avlodlari bilan quda tutinib, o‘zlarining taxtga bo‘lgan da’volarini o‘sha davr qonunlaridan kelib chiqib mustahkamlaganlar. Amir Temur ham Bibixonimga uylangani tufayli «Ko‘ragon», ya’ni «kuyov» unvonini olgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Saroymulkxonim bir qancha harbiy yurishlarda ham Amir Temurning yonida bo‘lgan. Garchi Amir Temurning boshqa ayollari bo‘lsa-da, sarkarda juda ko‘p o‘g‘il-qizlari, nabiralari tarbiyasini aynan Bibixonimga topshirganidan, bu ayol naqadar buyuk aql-zakovat, husni xulq egasi bo‘lganini sezish mumkin.
Kastiliya elchisi Ryui Gonzales de Klavixo ham Amir Temurning oilasi haqida so‘z yuritarkan, saroyning eng buyuk malikasi Bibixonim haqida alohida to‘xtalib o‘tadi.
«Shohning katta xotini Saroymulkxonim deb ataladi. Saroymulkxonimning saroyidagi nomi Bibixonimdir. U Suriya va Eron podshohi Axinxon (Sulton Qozonxon)ning qizi edi».
Bibixonim, Amir Temurning nikohiga kirgan paytda yigirma olti yoshda bo‘lgan. Biroq u avvalgi eri Amir Husayndan ham, Sohibqirondan ham farzand ko‘rmadi. Shu bois Amir Temurning farzandlari va nabiralaridan o‘z onalik mehrini darig‘ tutmadi. Hayoti davomida Amir Temur bilan birgalikda ilm-fan va madaniyatga, san’atga homiylik qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bibixonim Sohibqiron vafotidan ko‘p o‘tmay, taxtni egallagan shahzoda Xalil Sultonning ayoli Shodimulk tomonidan zaharlab o‘ldirilgan.
Bibixonim dafn etilgan maqbara dastlab uning onasi uchun qurilgan edi. Saltanat mojarolari, hayot tashvishlaridan charchagan malikaning ruhi ehtimolki, to mahshar tongiga qadar tin olishni istagandir? Ammo, Bibixonimni hatto qabrida ham tinch qo‘yishmagan. Uning qabri bir necha bor ochilgan, ruhi bezovta qilingan.
O‘zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davronning “Bibixonim qissasi yoxud tugamagan doston” asarida yozilishicha, malikaning qabrini ilk bor 1871 yili ochishgan. O‘sha yillari Samarqandga safar qilgan rus tarixchisi S.A.Lapin Bibixonim tobutining toshqopqog‘i ustida Qur’on oyatlari bilan bir qatorda “Majnunning o‘limidan so‘ng ming yil o‘tsa-da, uning kafanidan ishq dardi taraladi”, degan misralarni ko‘rgani haqida yozib qoldirgan. Ammo chor Rossiyasi nima sababdan o‘sha yili buyuk malikaning qabrini ochgani aniq emas. Ehtimol, malikaning qabriga uning taqinchoqlari, boyligi ham qo‘shib ko‘milgan, degan farazlar chor ma’murlarining oromini o‘g‘irlagandir?
Ikkinchi bor malikaning qabri 1926 yilda o‘g‘rilar tomonidan ochiladi. Ular tobutdagi taqinchoqlarni olmoqchi bo‘lishgan. 1941 yil tobut uchinchi marotaba, Amir Temur va uning oila a’zolari qabrlari ochilgan paytda malikaning bir jimjilog‘i kesib olinganini ko‘rishgan. Ehtimol, o‘sha o‘g‘rilar malikaning uzugini olish uchun uning barmog‘ini ham kesib ketishgandir?
Shundan so‘ng Bibixonim tobuti bir necha yil Toshkentda, Amaliy san’at muzeyida qarovsiz holatda yotgan. Marhumaning jasadini darhol o‘z joyiga qaytarish o‘sha davr ma’murlaridan hech birining xayoliga kelmagan. Shunda Samarqand Tarix muzeyi direktori Mamat Yusupov ismli ziyoli jasadni o‘z makoniga qaytarishga qat’iy bel bog‘laydi. Bu ish uchun qancha-qancha amaldorlarning eshigiga bosh uradi. Hech kim bu ishga amaliy yordam bermagach, Mamat Yusupov yo‘l xarajatlari uchun egnidagi kostyumigacha sotib, tobutni Samarqandga – Bibixonim maqbarasiga keltirib dafn ettiradi.
Rustam Jabborov.