Samarqanddagi qaysi bankda qanday kreditlar berilyapti?

Yangi yilning dastlabki oyi deyarli yakuniga yetdi. Tahririyatimizga viloyatimizdagi tadbirkorlar va aholi tomonidan tijorat banklaridan kredit olishda qiyinchiliklar bo‘layotganligi to‘g‘risida murojaatlar bo‘lmoqda. Xo‘sh, hozirda qaysi tijorat bankida qanday turdagi kreditlar ajratilmoqda?

Ushbu savolga Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi kredit bo‘limi boshlig‘i Jasur Bahriyev quyidagicha javob berdi:

- Hozirda 18 ta tijorat bankining viloyatimizdagi filiallari tomonidan (2021 yilning 26 yanvar holatiga ko‘ra) avtokredit, mikroqarz, uy-joyni ta’mirlash uchun, iste’mol krediti, aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun kreditlar, ipoteka krediti (birlamchi va ikkilamchi bozor uchun), onlayn mikroqarz, kredit karta, overdiraft, ta’lim kreditlari berilmoqda. Ushbu kreditlar turi, muddati va garov ta’minotiga ko‘ra, milliy valyutada 16 foizdan 30 foizgacha bo‘lgan stavkalarda berilmoqda.

Shuningdek, xorijiy valyutada ham har bir tijorat banki belgilangan shartlar asosida 7,5 foizdan 12 foizgacha haq olish sharti bilan kreditlar ajratmoqda.

Jumladan, (jismoniy va yuridik shaxslar qo‘shilganda) “Hamkorbank” 10 turdagi, “Aloqabank” 8, “Kapitalbank” 4, “Infin bank” 6, “Aziya Alyans bank” 3, “Asakabank” 1, “Qishloq qurilish bank” 2, “Agrobank” 6, Xalq banki 12, “Tenge bank” 2, “Sanoatqurilishbank” 1, “Mikrokreditbank” 11, “Ipak yo‘li bank” 5, “Oriyent Finans bank” 4, “Savdogarbank” 5, “Ziraat bank” 7, “Ipoteka bank” 8, “Turonbank” 6 turdagi kreditlar bermoqda.