Samarqandga yangi elektrobuslar xarid qilinadi — Prezident qarori
Samarqand shahrida aholi va ekologiya uchun xavfsiz transport tizimini takomillashtirish maqsadida 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 22 yanvarda qabul qilingan “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu haqda ma’lum qilindi.
Ta’kidlash lozimki, 2023 yilning 17 may kuni “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 18 yil muddatga bitim imzolangan.
Loyiha doirasida Samarqand shahrida haydovchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazini o‘z ichiga olgan, harakat tarkibini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga mo‘ljallangan avtobus saroyini rekonstruksiya qilish va tashqi elektr ta’minoti ob’yektlari qurish ko‘zda tutilgan.
100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi xarid qilish bo‘yicha “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasi va xalqaro tenderda g‘olib deb topilgan Xitoyning “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolangan. Shartnoma doirasida 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmasi olib kelingan va elektrobuslar shahar jamoat transporti yo‘nalishlariga qo‘yilgan.
Loyihaning amal qilish davri 3 yilni (2023–2025 yillar) tashkil qiladi. Unga ko‘ra, elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari xususiy sektorga (tashuvchilarga) eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan moliyaviy ijaraga beriladi. Shuningdek, elektrobuslar loyiha doirasida tanlab olingan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 yil muddatga biriktiriladi.
Qolaversa, 10 yil muddatga moliyaviy ijara shartnomasi tuziladi hamda ijara tushumlari Samarqand viloyati jamoat transportini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, ijarachi tomonidan moliyaviy ijara shartnomasida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilgan taqdirda elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari ijarachining mulkiga to‘liq o‘tkaziladi.
Rekonstruksiya qilinadigan avtobus saroyi tashuvchilarga (tanlov g‘oliblariga) ijara asosida xizmat ko‘rsatadi va uchinchi shaxslarga sotilishi hamda begonalashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.