Samarqand shahridagi uchta yo‘nalishda yo‘lovchi tashish avtobus va elektrobuslari qo‘yildi

Samarqand shahar jamoat transportida ilk bor elektrobuslar harakati M1-sonli “Temiryo‘l ABB - Samarqand xalqaro aeroporti” shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mazkur yo‘nalishda elektrobuslarning xizmat ko‘rsatish oraliq intervali 15-daqiqadan 9-10 daqiqagacha qisqartirildi.

Ushbu kungacha mazkur yo‘nalishda 6 ta elektrobus ishlagan bo‘lsa, endi harakat tarkibi yana 2 taga oshirilib, 8 ta elektrobus aholi xizmatiga chiqarildi.

Shuningdek, M2-sonli “Hazora ABB - Gulobod qo‘rg‘oni” shahar avtobus yo‘nalishida transport vositalarining harakati to‘xtab qolishi aholining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Aholini jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida M2-sonli shahar avtobus yo‘nalishida elektrobuslar harakati yo‘nalish chizmasiga o‘zgartirish kiritilgan holda qayta tiklandi.

M2-sonli shahar avtobus yo‘nalishi Vatanparvar mahallasidan boshlanib, Spitamen shoh ko‘chasi, Mirzo Bedil, Tong, Ali Qushchi, S.Buxoriy, Amir Temur, Abdurahmon Jomiy ko‘chalari, Universitet xiyoboni va Usmon Yusupov ko‘chasi orqali Samarqand tumani shifoxonasida o‘z yo‘nalishini yakunlaydi.

Yo‘nalishda «YUTONG» rusumli 10 ta avtobus 12 daqiqalik interval asosida harakatlanadi. Elektrobuslarda elektron to‘lov tizimi bor.

Bundan tashqari M5-sonli “Temiryo‘l ABB - Temiryo‘l ABB” shahar halqa yo‘nalishi (soat ko‘rsatgichi bo‘ylab) qayta tiklandi.

M5-sonli shahar avtobus yo‘nalishi Temiryo‘l vokzalidan boshlanib, Rudakiy, Gagarin, Mirzo Ulug‘bek, Bo‘stonsaroy ko‘chalari, Universitet xiyoboni, Registon, Dahbed, Rudakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Shabod, Sadriddin Ayniy, Namozgoh ko‘chalari, Universitet xiyoboni, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Gagarin, Rudakiy ko‘chalari orqali yana Temiryo‘l vokzalida yakunlanadi.

Bu yo‘nalishda ham «YUTONG» rusumli 10 ta avtobus 12 daqiqalik interval asosida harakatlanadi. Elektrobuslarda elektron to‘lov tizimi mavjud.