Samarqandlik adib ijodi Farg‘onada e’tirof etildi
Farmon Toshev jurnalist, shoir, yozuvchi, dramaturg sifatida o‘quvchiga bir necha o‘nlab kitoblar sovg‘a qilgan. U umrining har faslida inson va jamiyat, inson va tabiat kabi falsafiy xulosalar jam qilgan to‘plamlar yaratadi.
Adibning dunyoga, hayot mezonlariga o‘z qarashi bor.
–Bugun odamlarga tushuntiradigan emas, ularni ishontiradigan davr gazeta, televideniye tarbiyada ko‘proq samara beradi, – deydi Farmon Toshev.
Nihoyat bugun, Farmon Toshev 70 yoshdan oshgan kunlarda uning to‘rt jilddan iborat saylanmasi dunyo yuzini ko‘rdi. Uning ilk taqdimoti Farg‘onada, ijodkor, ziyoli va jurnalistlar davrasida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limlari tashkil etgan anjumanda so‘z olganlar Farmon Toshev ijodidagi janrlar uyg‘unligi va o‘ziga xosligi, uning mahorat sirlari, asarlaridagi g‘oyaviy yetuklik, vatanparvarlikni xalqona ifodalash uslublari haqida gapirdilar.
Taqdimot katta she’rxonlikka aylanib ketdi. Shoirlar saylanma muallifi she’rlaridagi g‘oya va uslubni davom ettirgan holda o‘z ash’orlarini o‘qidilar va albatta, Farmon Toshevning g‘azallari yangradi.
– Bugun yaxshi kitob yozish, yaxshi so‘z bilan insonlar qalbida vatanparvarlik, mehr-muxabbatni targ‘ib qilish, qadriyatlarimizni mustahkamlash ayni paytda dolzarb masala hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Dilshoda Ergasheva. – Farmon Toshev tilidan yangragan she’rlar har bir yurtdoshimizning ko‘nglidan joy olishi shubhasiz.
Farg‘onalik ijodkorlar ustozning fuqaroviy yondashuvlarini e’tirof etar ekan, ijodkorni o‘zbek adabiyotida voqea bo‘lguvchi saylanma bilan muborakbod etishdi.
– Farg‘ona viloyatida kutubxona, kitob do‘konlari va kitob o‘quvchilari ko‘pligi nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki gazeta ham, jurnal ham ko‘pligi odamni quvontiradi, – deydi Farmon Toshev. – Mening saylanmamning taqdimoti shu yerda o‘tkazilishini ikki viloyat ijodkorlari hamkorligining davomi deb tushunish mumkin.
Shu kuni Farmon Toshevning kitoblari shahar va tumanlardagi kitobxonlarga, kutubxonalarga tarqatildi.
Muhammadjon Obidov.